«YeCHL 2-turi: muxlislar e’tibori Husanov va Rahmonaliyev ishtirokidagi bahslarda
Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining umumiy bosqichi ikkinchi uchrashuvlari 13–15-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:45 da «Lans» — «PSV» hamda «Sabah» — «Slaviya Praga» jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.
Ushbu uchrashuvlar orasida o‘zbek futbol muxlislari uchun «Sabah» — «Slaviya Praga» bahsi alohida ahamiyatga ega. Boisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Umarali Rahmonaliyev Ozarbayjon klubi safida to‘p suradi. Boku shahridagi «Olimpiya» stadionida o‘tadigan uchrashuvda har ikki jamoa ham g‘alaba uchun kurash olib borishi kutilmoqda. Ilk turdagi mag‘lubiyatdan keyin navbatdagi bahsda ochko jamg‘arish har ikki klub uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘z muxlislari qarshisida maydonga tushadigan «Sabah» raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qiladi. O‘zbekistonlik futbol muxlislari esa Umarali Rahmonaliyevning maydonga tushishi va jamoasi natijasiga hissa qo‘shishini intiqlik bilan kutmoqda.

Yevropa chempionlar ligasinig 2-turidan o‘rin olgan «Galatasaroy» — «Barselona», «RB Leypsig» — «PSV», «Arsenal» — «Lill», «Atletiko Madrid» — «Manchester Yunayted», «Vilyarreal» — «Napoli», «Viking» — «Bavariya», «Inter» — «Bryugge» uchrashuvlari 14 otkbryaga o‘tar kechasi soat 00:00 da start oladi.
Darvoqe, ertangi uchrashuvlar davomi soat 21:45 da «LASK» — «Liverpul» va «Feyenoord» — «Komo» jamoalar bahsi bilan yakunlanadi. 15-oktabr kuni esa «Shaxtyor» — «AEK», «Betis» — «Portu», «Roma» — «Real Madrid», «Slovan Bratislava» — «Shtutgart», «Aston Villa» — «Fenerbahche», «Manchester Siti» — «PSJ» va «Budyo/Glimt» — «Borussiya Dortmund» jamoalari to‘qnashuvi kutilganidek, soat 00:00 da boshlanadi.
Ma’lumot uchun, 2-tur uchrashuvlaridagi ko‘rsatilgan vaqtlar mamlakatimiz hududiga tegishli.
Yevropa futbolida haftaning eng ko‘p kutilgan uchrashuvlaridan biri «Manchester Siti» o‘z maydonida amaldagi Chempionlar ligasi g‘olibi «PSJ»ni qabul qiladi. Ushbu bahs nafaqat ikki kuchli klub muxlislari, balki o‘zbek futbol ishqibozlari uchun ham alohida ahamiyatga ega. Boisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning maydonga tushishi kutilmoqda.
«Etihad» stadionida Toshkent vaqti bilan 15-oktabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlanadigan uchrashuvda Abduqodir Husanovga ham katta e’tibor qaratiladi. Uning Yevropaning eng kuchli hujumchilariga qarshi harakatlari o‘zbek muxlislari uchun qiziqarli kuzatuv bo‘ladi. Albatta, futbolchining asosiy tarkibda maydonga tushishi bosh murabbiyning qaroriga bog‘liq.
«Manchester Siti» mavsumni muvaffaqiyatli boshlagan va «Liverpul» maydonida 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, ushbu bahsga yuqori kayfiyatda yetib kelmoqda. Biroq Parij klubi ham o‘z maqsadlari yo‘lida osonlikcha yon bermaydi. Qolaversa, «PSJ» so‘nggi ikki mavsumda Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan jamoa sifatida maydonga tushadi.

O‘tgan mavsumda Parijda kechgan o‘zaro bahsda «Manchester Siti» 2:0 hisobida oldinga chiqqaniga qaramay, «PSJ» irodali g‘alabaga erishgan — 4:2. Bu safar esa o‘zbek futbol muxlislarini Abduqodir Husanovning maydonga tushishi mumkinligi qiziqtirmoqda. Agar himoyachimiz o‘yinda ishtirok etsa, uning Yevropaning kuchli klublaridan biriga qarshi harakatlari alohida e’tibor markazida bo‘ladi
O‘zbek muxlislari uchun eng muhimi — Abduqodir Husanovning maydonga tushishi va jamoasi himoyasida ishonchli o‘yin ko‘rsatishidir. Endi barcha e’tibor «Etihad»dagi yulduzlar to‘qnashuviga qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqaning birinchi turi yakunlariga ko‘ra, «PSJ», «Bavariya» va «Barselona» klublari yirik hisobdagi g‘alabalari evaziga kuchli uchlikdan joy olgan. Qolaversa, «Manchester Yunayted», «Komo», «Sporting», «Shtutgart», «Manchester Siti», «Aston Villa», «Betis», «Lans», «Borussiya Dortmund», «Liverpul», «Real Madrid», «Arsenal» va «AEK» klublari ham 3 ochkodan jamg‘argan. Ular to‘plar nisbatiga ko‘ra 4–16-pog‘onalarni egalladi.
Jadvalning 17–20-o‘rinlaridan esa bir ochkoga ega «Shaxtyor», «Roma», «Fenerbahche» va «PSV» klublari bormoqda. Shuningdek, «Vilyarreal», «Bryugge», «Lill», «Slaviya Praga», «Inter», «Atletiko Madrid», «Napoli», «LASK», «Viking», «Galatasaroy», «Portu», «RB Leypsig», «Feyenoord», «Sabah», «Slovan Bratislava» va «Budyo/Glimt» jamoalari birinchi turdagi mag‘lubiyatlari evaziga 21–36-o‘rinlarni egallagan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA