YATT ochish, soliq to‘lovi hamda uni yopish tartibi qanday?
Huquqiy munosabat
O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni 6-moddasiga ko‘ra, Yakka tartibdagi tadbirkorlik jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirishdir.
Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev quyidagilarni ma’lum qildi:
– YATT yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil, mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida, shuningdek, mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo‘l qo‘yadigan o‘zga ashyoviy huquq asosida amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lish uchun davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilish yoki new.birdarcha.uz sayti orqali masofadan turib ariza berish mumkin.
Fuqarolarning davlat nafaqa ta’minoti to‘g‘risidagi qonunning 37-moddasi “g” bandiga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatidagi mehnat faoliyati ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Soliq kodeksi”ning 290-moddasiga ko‘ra, soliq davri bir oy hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu kodeksning 408-moddasiga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan – oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda soliq to‘lanadi. Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘m hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 704-sonli Tadbirkorlik sub’ektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risida qarorining 3-bobida tugatuvchi ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan keyingi ish kunidan kechikmay ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga – o‘zi kelgan holda yoki Internet jahon axborot tarmog‘i orqali ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qaror nusxasini taqdim etishi belgilangan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA