Yashirin savdoga chek qo‘yildi
Jizzax viloyatida aksiz markalari bilan belgilanmagan tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yishga qaratilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida yirik hajmdagi mahsulotlar aniqlandi.
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Jizzax shahrida yashovchi fuqaroga tegishli savdo do‘koni, omborxona hamda yashash xonadoni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruvlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi aksiz markalari bilan markalanmagan, dastlabki bahosi 121 million 300 ming so‘mga teng bo‘lgan 60 turdagi jami 3064 quti tamaki mahsuloti saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat noqonuniy tamaki mahsulotlari aylanmasining oldini olish, ichki bozorda qonuniy savdo muhitini ta’minlash va davlat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan nazorat tadbirlarining izchil davom etayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri