“Yashil yillik”: O‘zA bog‘i kengaydi
O‘tgan yil noyabr oyida yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga kirishilganda Samarqand viloyatining Payariq tumanida bir gektar maydonda ezgu niyatlar bilan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bog‘i tashkil etilgan edi.
O‘shanda agentlik jamoasi yangi boqqa mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekkandi.
Ayni chog‘da yurtimizda bahor boshlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, tabiatga to‘g‘ri va oqilona munosabatni shakllantirish, mamlakatimizni bog‘u bo‘stonga aylantirish maqsadida “Yashil yillik” loyihasi boshlandi.
Mazkur tashabbus doirasida O‘zA bog‘i yana bir gektarga kengaytirildi. Kecha bog‘da agentlik jamoasi va Nakurt mahallasi faollari 600 tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekib, ezgu ishga hissa qo‘shdi.
– Kuzda ekilgan nihollarimiz bugun amal olib, kurtak yoza boshladi, – deydi bog‘bon Farhod Dehqonov. – Jurnalistlar poytaxtda bo‘lsa-da biz bu boqqa mehrimizni berib, darxtlarni parvarishlayapmiz. Mehnatimiz samarasidan o‘zimiz ham ruhlanyapmiz. Shuning uchun boqqa yana bir gektar qo‘shildi va eng sara mevali daraxtlarni keltirib ekildi. Nasib etsa, bu bog‘ mahallamizning ko‘rki bo‘ladi.
[gallery-6064]
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA