“Yashil” texnikumlarda yangi imkoniyatlar: Ekostipendiya va uzviy ta’lim tizimi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik barqarorlik va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizdagi qonunchilikka asosan, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab “yashil” texnikumlar faoliyatida muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

Avvalo, ta’lim tizimida uzviylik ta’minlanadi. Endi “yashil” texnikumlardagi o‘quv jarayoni universitetlar tomonidan ishlab chiqilgan va Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida tashkil etiladi. Bu esa o‘quvchilarga yuqori bosqichdagi ta’limga tayyorgarlikni yanada samarali olib borish imkonini yaratadi.
Shuningdek, texnikumlardagi majburiy va tanlov fanlari bevosita universitetlar tomonidan belgilanadi. Bu orqali o‘quv dasturlari zamonaviy talablarga moslashtirilib, talabalarning nazariy va amaliy bilimlari mustahkamlanadi. Yana bir muhim jihat — universitetlarning 1-bosqichida o‘qitiladigan ayrim mutaxassislik fanlari texnikumlarning 2-bosqich dasturiga maxsus kurs sifatida kiritiladi. Bu tartib o‘quvchilarga vaqtni tejagan holda yuqori ta’lim bosqichiga yaqinlashish imkonini beradi.
Eng ahamiyatli yangiliklardan biri — texnikum bitiruvchilari uchun yengilliklar joriy etilishi. Agar o‘quvchi texnikumni muvaffaqiyatli tamomlab, ingliz tilidan V2 darajaga ega bo‘lsa va uning GPA ko‘rsatkichi talablarga javob bersa, u bakalavriatning 2-bosqichidan o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Bu iqtidorli yoshlar uchun katta rag‘bat va imkoniyatdir.
Bundan tashqari, “yashil” texnikumlarda Ekostipendiya ta’sis etilishi ham muhim qadam hisoblanadi. Har yili 10 nafargacha eng iqtidorli o‘quvchilarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan stipendiya berilishi belgilangan. Bu nafaqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki ekologik yo‘nalishda bilim olishga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur islohotlar “yashil” ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqadi. Ushbu o‘zgarishlar yoshlarning sifatli ta’lim olishi, xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassis bo‘lib yetishishi va ekologik ongni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA