Yashil taraqqiyot sari: Markaziy Osiyo ekologik diplomatiyasi yangi bosqichda
Munosabat
So‘nggi yillarda O‘zbekiston nafaqat milliy, balki global miqyosda ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari bilan xalqaro hamjamiyat e’tiborini qozonmoqda. Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar O‘zbekistonni mintaqada “yashil” siyosatning so‘zsiz yetakchisiga айлантирди.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’siri butun dunyoda sezilayotgan bir paytda, O‘zbekistonning ekologik diplomatiyasi faol va natijador tus olmoqda. Ilgari surilayotgan tashabbuslar shunchaki qog‘ozda qolib ketmay, real loyihalar, millionlab daraxtlarning o‘sishi va yangi avlod energiya tizimlarining shakllanishiga asos bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatimizning tabiatga bo‘lgan mas’uliyatli munosabati va kelajak avlod oldidagi burchini anglatishi bilan birga, mintaqaviy birdamlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Jumladan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tashabbusi bilan o‘tkazilgan Mintaqaviy ekologik sammit Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik xavfsizlikni ta’minlashdagi birdamligini ko‘rsatdi. “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” bosh g‘oyasi ostida o‘tgan mazkur forum Samarqand iqlim forumining mantiqiy davomi bo‘lib, mintaqa ekologik diplomatiyasining yangi sifat bosqichiga chiqqanini tasdiqlaydi.
Bugungi kunda global isish sur’atlari Markaziy Osiyo uchun jiddiy sinov bo‘lib turibdi. Mintaqada harorat dunyoning boshqa hududlariga nisbatan ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Muzliklarning uchdan bir qismi erib ketgani, yerlarning degradatsiyasi va suv resurslari tanqisligi bularning barchasi “yashil” siyosatni kechiktirib bo‘lmas hayotiy zaruratga aylantiradi.
Buni yuqorida ta’kidlaganimizdek, mamlakatimiz misolida ham ko‘rish mumkin. Xususan, O‘zbekiston bugungi kunda ekologik muammolarga qarshi kurashda tizimli va aniq maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 1 milliard tup daraxt ekilishi, Orol dengizi tubida 2 million gektardan ortiq “yashil belbog‘” yaratilishi mamlakatimizning tabiatni asrashdagi qat’iyati ifodasidir.
Energetika sohasida ham ulkan o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda “yashil” energetika ulushi 30 foizga yetdi, joriy o‘n yillik oxiriga borib esa bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshadi. Shuningdek, Parij bitimi doirasida zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirish majburiyati muddatidan oldin bajarildi. Endigi marra 2035-yilgacha ularni ikki barobar qisqartirishdir. Chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqaradigan yangi zavodlarning ishga tushirilishi esa yiliga millionlab tonna chiqindilarni utilizatsiya qilish va elektr energiyasi olish imkonini beradi.
Ostona sammitida O‘zbekiston Prezidenti mintaqaviy ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan bir qator strategik takliflarni ilgari surdi. Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar mintaqa davlatlarining ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasidagi tarqoq harakatlarini birlashtirish va ularga tizimli tus berishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Xususan, “Markaziy Osiyoning toza havosi” konsorsiumi, cho‘llanish va chang bo‘ronlarini kuzatuvchi mintaqaviy markaz hamda “yashil savdo yo‘lagi” kabi loyihalar sanoatni modernizatsiya qilish va ekologik mahsulotlar aylanmasini soddalashtirish orqali iqtisodiy o‘sish bilan tabiatni muhofaza qilishni uyg‘unlashtiradi.
Shuningdek, yagona investitsiya portfeli va mintaqaviy atlasning yaratilishi barcha tashabbuslarni aniq ilmiy ma’lumotlar va moliyaviy rejalar asosida, uzoq muddatli strategik maqsadlar bilan amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ikkinchi tomondan, bu takliflar biologik xilma-xillikni saqlash va yosh avlodni ekologik kun tartibiga faol jalb etish orqali barqaror kelajak poydevorini qurishni maqsad qilgan. “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ning yaratilishi noyob tabiat boyliklarini asrashda umumiy mas’uliyatni shakllantirsa, 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Butunjahon yoshlar iqlim forumi kelajak yetakchilarini ushbu global masalalarga jalb qilishda muhim platforma bo‘ladi.
Umuman olganda, bugun zamonaviy ekologik tahdidlar mintaqamiz barqarorligini sinovdan o‘tkazmoqda. Biroq, O‘zbekiston ilgari surayotgan bu tashabbuslar mavjud xavf-xatarlarni yangi o‘sish nuqtalariga, texnologik yangilanish va iqtisodiy farovonlik omillariga aylantirish imkonini beradi.
Markaziy Osiyo davlatlarining birdamligi, ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik an’analari va qat’iy siyosiy irodasi mintaqamizni ekologik farovonlik makoniga aylantirishning eng ishonchli kafolatidir. Bir so‘z bilan aytganda, “Barqaror kelajak” – bu shunchaki shior emas, balki bizning bugungi amaliy harakatlarimiz natijasi bo‘lishi kerak.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA