“Yashil qalqon” barpo etilmoqda
Sirdaryo viloyatining Qozog‘iston va Tojikiston respublikalari bilan chegaradosh hududlarida shamol eroziyasi va qum ko‘chishining oldini olish maqsadida umumiy uzunligi 84 kilometr bo‘lgan muhofaza daraxtzorlari barpo etilmoqda. Ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan mazkur loyiha doirasida bahorgi mavsumda 158,7 gektar maydonda “yashil belbog‘”lar tashkil etildi.
Keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik jarayonlarining kuchayishi va cho‘llanish xavfining ortishi shamol eroziyasiga qarshi kurashish masalasini yanada dolzarblashtirdi. Shu bois davlat darajasida bu borada tizimli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-martdagi “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Hujjatda himoya o‘rmonzorlari va yashil belbog‘lar barpo etish, chang hamda qum bo‘ronlarining ta’sirini kamaytirish, yer resurslarini muhofaza qilish va hududlarning ekologik barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli davlat tashkilotlari tomonidan chegaradosh hududlarda yer maydonlari xatlovdan o‘tkazilib, yashil hududlar barpo etish uchun mos yer uchastkalari aniqlandi. Natijada ekologik muhofaza hududlarini tashkil etish uchun zarur maydonlar belgilandi.

Sirdaryo viloyatida bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimining qarori bilan Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligiga Oqoltin, Sirdaryo, Xovos va Mirzaobod tumanlarining chegaradosh hududlarida “yashil belbog‘”lar tashkil etish uchun 158,7 gektar yer maydoni ajratildi.

Erta bahorda mazkur hududlarda saksovul, jiyda, qarag‘ay, qayrag‘och va akatsiya nihollari yerga qadaldi. Biroq “yashil qalqon” barpo etish ishlari bu bilan cheklanmaydi. Kuzgi mavsumda va kelgusi yillarda ham yangi ko‘chatlar ekish, mavjud daraxtzorlarni kengaytirish va parvarishlash ishlari davom ettiriladi. Chunki himoya o‘rmonzorlari shamol eroziyasiga qarshi eng samarali tabiiy to‘siqlardan biri bo‘lib, ular chang va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish, yerlar unumdorligini saqlash hamda ekologik barqarorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

– Mazkur hujjat shamol eroziyasiga qarshi kurashish va yashil belbog‘lar barpo etishga qaratilgan muhim strategik dastur hisoblanadi. Unda chegaradosh hududlarda himoya o‘rmonzorlari tashkil etish, yer resurslarini asrash, ekologik monitoringni takomillashtirish hamda iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Bugun Sirdaryo viloyatida qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ekologik xavflarni kamaytirish, havo sifatini yaxshilash va aholi uchun sog‘lom yashash muhitini yaratishga qaratilgan. Barpo etilayotgan “yashil qalqon” esa kelgusi yillarda hududning ekologik barqarorligini mustahkamlash, tabiiy resurslarni asrash va cho‘llanish jarayonlarining oldini olishda muhim omil bo‘ladi, – deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Nu’monov.

Mutaxassis ta’kidlaganidek, bugun Sirdaryo chegaralarida yerga qadalayotgan har bir ko‘chat oddiy nihol emas, balki kelajakka yo‘naltirilgan ezgu sarmoyadir. Vaqt o‘tib, bu yashil belbog‘lar nafaqat shamol eroziyasi va qum bo‘ronlariga qarshi ishonchli qalqonga, balki musaffo havo, sog‘lom atrof-muhit va barqaror hayotning mustahkam tayanchiga aylanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri