"Yashil O‘zbekiston uchun birlashamiz!"
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti tashabbusi bilan poytaxtda "Yashil O‘zbekiston uchun birlashamiz!" shiori ostida keng ko‘lamli bayram tadbiri tashkil etildi.
Butunjahon atrof-muhit kuni hamda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda aholi, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarga urg‘u qaratildi.


Tadbir davomida Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari Oybek Rahimov, Navro‘zbek Yusupov, Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Akmal Rasulov hamda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari so‘zga chiqib, ekologik muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etildiki, bugungi kunda ekologik muammolarning oldini olish, yashil hududlarni kengaytirish, tabiat boyliklarini asrash va ekologik tarbiya masalalari dolzarb ahamiyatga ega. Shu bois, ekologik ong va madaniyatni yuksaltirish, jamiyatning barcha qatlamlarini atrof-muhitni asrashga da’vat etish hamda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ekologik islohotlarni qo‘llab-quvvatlash muhim.

Bayram doirasida bolajonlar ishtirokida "Biz tabiatni sevamiz!" mavzusida rasmlar tanlovi tashkil etildi. Yosh ishtirokchilar tomonidan tabiat manzaralari, yashil makonlar, ekologik muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan ijodiy ishlar namoyish etildi. Tanlov bolalarda tabiatga mehr-muhabbat, ekologik mas’uliyat va ijodiy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qildi. Shuningdek, turli ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi.
M.Komilova,
O‘zA