“Yashil makon” tadbirlari boshlandi
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish aksiyasida Toshkent viloyat hokimligi mas’ullari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hudud faollari va yoshlar qatnashdi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev mazkur sa’y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad atrof-muhit sofligini yaxshilash, joylarda yashil maydonlarni ko‘paytirish ekanini ta’kidladi. Bunday xayrli ishlar oldidan Qur’on tilovat qilindi. Shundan so‘ng Angren shahridagi 12 yarim gektar yer obod qilinib, 5 mingga yaqin manzarali daraxt ko‘chati ekildi.

Yaqinda Prezidentimiz raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatlarini to‘liq ishga solish hamda “Yashil makon” kuzgi mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 25 oktyabrdan 1 dekabrga qadar “kuzgi daraxt ekish mavsumi” deb e’lon qilingandi. Viloyat bo‘yicha joriy yilning kuzgi mavsumida 20 turdan iborat 6 million 893 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekish belgilangan. Bunda mahallalar, ko‘p qavatli uylar atrofiga, ta’lim muassasalari, oilaviy poliklinika va shifoxonalar, katta yo‘l bo‘ylariga chinor, eman, tut, shumtol, terak, jiyda, qayrag‘och, yapon saforasi kabi daraxtlar ekiladi.

Tadbir doirasida barpo etilayotgan bog‘larni aholiga shartnoma asosida bo‘lib berish va hudud iqlimiga mos daraxt ko‘chatlarini ekish aytildi. O‘z navbatida, mazkur ishlarga jalb etilgan aholining manfaatdorligini oshirish kerakligi ta’kidlandi. Aksiya Ohangaron, Olmaliq shaharlarida ham davom etdi. Joylarda O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan ko‘chat tarqatish shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

– Bu kabi xayrli ishlar xalqimizni birlashtiradi, – deydi Toshkent viloyati “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Abdusamad Nosirov. – Ayrim mahallalarda qarovsiz, foydalanilmayotgan yerlar ko‘p. Maqsadimiz obod manzillarni ko‘paytirishdir.
A.Musayev, O‘zA muxbiri