Yarim yilda 92,3 mingta nikoh: qaysi hududlarda oila qurish faolligi yuqori?
Oila inson hayotidagi muqaddas dargoh. Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar davom etayotgan bir paytda, nikoh statistikasi jamiyatdagi demografik jarayonlarning muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida mamlakat bo‘yicha FHDYO organlarida 92 ming 300 ta nikoh rasman qayd etilgan.
Ushbu raqamlar nafaqat aholining oila qurishga bo‘lgan intilishini, balki hududlarning demografik xususiyatlari, yoshlar ulushi va ijtimoiy-iqtisodiy omillarni ham aks ettiradi.
Samarqand yetakchilikni saqlab qolmoqda
Yarim yillik ko‘rsatkichlar bo‘yicha Samarqand viloyati 10 ming 150 ta nikoh bilan respublikada birinchi o‘rinni egalladi. Bu hududda aholi sonining yuqoriligi, yoshlar ulushining kattaligi va an’anaviy oilaviy qadriyatlarning mustahkamligi yuqori ko‘rsatkichlarni ta’minlayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Ikkinchi o‘rinda 9 ming 787 ta nikoh bilan Farg‘ona viloyati, uchinchi o‘rinda esa 9 ming 597 ta nikoh qayd etilgan Qashqadaryo viloyati joylashgan.
Alohida qayd etish lozimki, Toshkent shahri ham 9 ming 459 ta nikoh bilan yuqori o‘rinlardan birini egallagan.
Reytingga nazar tashlansa, nikohlar soni ko‘p bo‘lgan hududlar, asosan, aholi soni ko‘p bo‘lgan viloyatlar ekani ko‘rinadi. Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon va Surxondaryo viloyatlari mamlakatning eng zich aholi yashaydigan hududlari hisoblanadi.
Bu esa nikohlar soni ko‘pligi birinchi navbatda demografik omillar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, iqtisodiy faollik, ish o‘rinlari va shaharlashuv darajasi ham yoshlarning oila qurish qarorlariga ta’sir etuvchi muhim omillardan sanaladi.
Quyi ko‘rsatkichlar nimani anglatadi?
Navoiy viloyatida 2 ming 435 ta, Sirdaryo viloyatida 2 ming 310 ta nikoh qayd etilgan bo‘lib, bu respublikadagi eng past ko‘rsatkichlardir.
Biroq, bu raqamlarni oila qurish faolligining pastligi sifatida baholash to‘g‘ri emas. Chunki mazkur hududlarda aholi soni boshqa viloyatlarga nisbatan ancha kam. Shu sababli mutlaq sonlar emas, balki har ming aholiga to‘g‘ri keladigan nikohlar koeffitsiyenti demografik tahlil uchun yanada aniqroq mezon hisoblanadi.
Yarim yilda qayd etilgan 92,3 mingta nikoh mamlakatda oila instituti barqaror rivojlanayotganidan darakdir.
Biroq bu raqamlar chuqur tahlil qilinayotganda yoshlarning nikohga kirish yoshi, shahar va qishloq hududlari o‘rtasidagi farqlar, iqtisodiy sharoit va bandlik,ipoteka va uy-joy imkoniyatlari va ta’lim olish muddatining uzayishi kabi bir qator omillarga e’tibor qaratish zarur.
Ayniqsa, keyingi yillarda yoshlarning avval ta’lim olish va mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yib, shundan so‘ng oila qurishga intilayotgani kuzatilmoqda. Bu esa nikohlar statistikasining nafaqat demografik, balki ijtimoiy jarayonlar bilan ham uzviy bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Joriy yilning dastlabki olti oyida qayd etilgan 92,3 mingta nikoh O‘zbekistonda oila instituti muhim ijtimoiy qadriyat bo‘lib qolayotganini tasdiqlaydi. Hududlar kesimidagi farqlar esa, avvalo, aholi soni, yoshlar ulushi va demografik xususiyatlar bilan izohlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA