Yaponiyada O‘zbek tili bayrami
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Tokio xorijiy tillar universitetida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalar, shuningdek, “Yaponiya–O‘zbekiston” jamiyati qoshidagi o‘zbek tili kurslari tinglovchilari ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Yig‘in davomida she’rxonlik, “O‘zbekiston – jozibali sayohat maskani” nomli taqdimotlar hamda “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzusidagi viktorina tashkil etildi. Universitet talabalari tomonidan o‘zbek milliy cholg‘usi – dutorda an’anaviy kuylar mahorat bilan ijro etilib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida universitetning yangi tayinlangan rahbari Haruna Nobuo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqboldagi yo‘nalishlari muhokama qilinib, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
M.Pirmatova, O‘zA