Yaponiya kompaniyasi o‘zbekistonlik avtobus haydovchilariga qiziqish bildirmoqda
“Willer Express” – Yaponiya turistik va yo‘lovchi transport bozoridagi eng ilg‘or avtobus operatori sanaladi. Kompaniya mamlakatning shimolidan janubigacha bo‘lgan keng hududni qamrab olgan.
Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Yaponiyaning xalqaro kadrlarni tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha yetakchi kompaniyalaridan biri “Onodera User Run” ushbu tashkilotni O‘zbekiston bozoriga olib kirmoqda.
Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, “Willer Express” rahbari Hirayama Koji va “Onodera User Run” kompaniyasi vakili Koto Jun o‘rtasida imzolangan uch tomonlama kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonda “Willer Express” uchun avtobus haydovchilarini tayyorlash va kun chiqar mamlakatda yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Buning uchun Toshkent shahrida zamonaviy o‘quv poligoni barpo etiladi. Amaliyot jarayonlari uchun Yaponiyadan o‘ng boshqaruvli avtobuslar olib kelinadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA