Yangiqo‘rg‘ondagi “Turizm qishlog‘i” hududidagi vaziyat o‘rganildi (+video)
Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Turizm qishlog‘i” hududida sel-suv toshqini xavfi haqidagi videolavha keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA ijodiy jamoasi voqea joyiga borib, vaziyatni bevosita o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida hududdagi soy o‘zanlari, suv o‘tkazish inshootlari va sel suvlarini yo‘naltirish tizimi ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mahalliy aholi, mutasaddi tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan suhbatlashildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, hudud tog‘ oldi qismida joylashgani bois kuchli yog‘ingarchilik mavsumida sel oqimlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud. Shu bilan birga, ayrim joylarda soy qirg‘oqlari va sel suvi oqimi yo‘lida ruxsatsiz qurilishlar amalga oshirilgani, bu esa suv yo‘llarining to‘silishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Shuningdek, xavfni kamaytirish maqsadida suv yo‘llarini tozalash, gidrotexnik inshootlarni saqlash va profilaktik tadbirlarni amalga oshirish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Kuzatuvlar davomida mahalliy aholi tomonidan ham fikr va takliflar bildirildi. Xususan, ayrim hududlarda muhofaza tadbirlarini yanada kuchaytirish va profilaktika ishlarini izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, masalaga bir tomonlama yondashish vaziyat haqida to‘liq tasavvur bermaydi. Chunki hududda tabiiy xavf omillari mavjud bo‘lishi bilan birga, ularning oldini olish bo‘yicha tegishli ishlar ham amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jamoatchilik e’tiboridagi dolzarb masalalarni joyiga chiqqan holda, fakt va xolislik tamoyillari asosida yoritishda davom etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/r574Wqkokx8" title="Yangiqo‘rg‘ondagi “Turizm qishlog‘i” hududidagi vaziyat o‘rganildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Hotam MAMADALIEV (surat va video), O‘zA