Yangiobodda intensiv uzumzor barpo etilmoqda
Joriy yilning yakuniga qadar 540 gektar maydonda tok koʻchatlari ekish rejalashtirilgan.
Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi Qoʻshqand qishlogʻi hududida “Yangiobod Grape Garden Agroklaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 ming 134,8 gektar lalmi yer maydonida yangi intensiv uzumzor barpo etilmoqda.
Tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, umumiy qiymati 33 milliard soʻm boʻlgan loyihani 16 milliard soʻm jamiyatning oʻz mablagʻi, 10 milliard soʻm bank krediti hamda 7 milliard soʻm respublika uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi subsidiyasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirish rejalashtirilgan.
Joriy yilning yakuniga qadar 540 gektar maydonda tok koʻchatlari ekish rejalashtirilgan. Hozirgacha jamiyat kuchi bilan 285 gektar maydonga kishmishbop tok koʻchatlari ekilib, ularni parvarishlash ishlari boshlandi.
Barpo etilayotgan mazkur uzumzorlarni uzluksiz suv taʼminoti bilan taʼminlash maqsadida 30 ta artezian quduqlari qazilib, zamonaviy tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etiladi.
Yiliga 20 ming tonna uzum yetishtirish quvvatiga ega boʻlgan loyiha boʻyicha 200 ta doimiy hamda 400 ta mavsumiy ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.
Mazkur loyiha doirasida sigʻimi 1000 tonna boʻlgan zamonaviy muzlatkichli omborxona, shuningdek, quvvati 1000 tonnaga moʻljallangan zamonaviy mayiz tayyorlash va qadoqlash korxonasi bunyod etilishi rejalashtirilgan.
Albatta, amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar xalqimiz toʻkinligi va yurtimiz rivoji yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir. Hozirda ushbu loyihani amalga oshirishdagi barcha ishlar karantin qoidalariga muvofiq olib borilmoqda.