Yangi yil yaxshi yil boʻlib kel!
Yunusobod tumanidagi 21-Mehribonlik uyida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Bolajonlarga quvonch ulashib...” nomli xayriya tadbiri oʻtkazildi.
Yunusobod tumanidagi 21-Mehribonlik uyida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Bolajonlarga quvonch ulashib...” nomli xayriya tadbiri oʻtkazildi.
Tadbirda qatnashgan olimlar, fan va jamoat arboblari bolalar koʻnglida yuksak orzular uygʻotuvchi, ularni egzu maqsadlar sari chorlovchi ibratli hikoyalardan soʻzlab berishdi. Suhbatlar uyushtirildi. Respublika qoʻgʻirchoq teatri ijodkorlari taqdim etgan tomoshalar, “Bulbulcha” bolalar ashula va raqs ansambli tomonidan tayyorlangan qoʻshiq va raqslar davraga oʻzgacha fayz ulashdi. Bolalar birgalikda raqs tushib, qoʻshiq kuylashdi.
– Yangi yil yaxshi yil boʻlib kelishini xohlayman, – dedi Yunusobod tumanidagi 21-Mehribonlik uyi 7-sinf oʻquvchisi Temur Usmonov. – Tungi Toshkent shahri boʻylab oilaviy sayohat qilishni, yaxshi va yangi doʻstlar orttirishni istayman. Darsdan boʻsh vaqtlarimda futbol bilan shugʻullanaman. Haftada uch kun mashgʻulotlarda chiniqamiz. Kelajakda oʻzbek futbolini yuqori pogʻonaga chiqarishni orzu qilaman. Mashgʻulot rahbarimizning aytishicha, buni biz uddalaymiz. Dunyo tanigan futbolchilarning aksariyati oddiy oiladan chiqqan, koʻp qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazgan ekan. Hayotda hech narsa bejizga boʻlmaydi. Men oʻz kelajagimni futbol bilan bogʻlayman va ulkan zafarlarni zabt etishga astoydil harakat qilaman.
Dargohda 137 nafar oʻgʻil-qiz tahsil olayotgan boʻlsa, ularning 30 nafari 7 yoshga toʻlmagan bola hisoblanadi. Tadbir tashkilotchilari shuni inobatga olgan holda faol qatnashgan oʻgʻil-qizlarga yoshlariga mos esdalik sovgʻalar topshirdi. Mehribonlik uyi kutubxonasi uchun oʻzbek va jahon bolalar adabiyoti durdonalaridan namunalar va maxsus kitoblar taqdim etildi.