Yangi reanimatsiya bo‘limi ish boshladi
Aholi salomatligini mustahkamlash so‘nggi yillarda eng ustuvor masalalardan biriga aylanib ulgurdi.
Ayniqsa, chekka hududlardagi tibbiyot maskanlarini ta’mirlash, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash, malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qondirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bundan bir oy muqaddam Buxoro viloyati Jondor tumaniga elektron optik rentgen, videolaparaskop, narkozlash uskunalari, jarrohlik lampalari va stoli xarid qilish uchun 1,3 milliard so‘m ajratilgan edi. Bu ko‘mak tuman sharoitida murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkonini berdi. Endilikda tibbiyot birlashmasidagi reanimatsiya bo‘limi ham to‘liq ta’mirlanib, og‘ir holda olib kelingan kasallarga tezkor davo choralarida qo‘llanilmoqda.

– Bolamni og‘ir ahvolda olib keldim, – deydi Feruza Adizova. –Shifokorlarga rahmat bolamga yaxshi qarashdi. Ahvoli hozir yaxshi. Jondor tumanida shunday sharoitlar yaratildi. Buni o‘zim va bolamning hayoti misolida ko‘rdim.
Yangi texnikalar bilan jihozlangan bo‘limda nafaqat katta yoshdagi aholi, balki bolalarga ham tezkor yordam ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bu shifokorlar mushkulini osonlashtirishdan tashqari, bemorlar uzog‘ini ham yaqin qilmoqda.
Boshlangan ezgu tashabbuslar shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Eng muhimi bularning barchasi inson qadrini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar mahsulidir.
– bugungi kunda tumanimiz aholisi uchun yuqori texnologik operatsiyalarni bajarish uchun zamonaviy talabga javob beradigan imkoniyatlar yaratildi, – deydi bosh vrach o‘rinbosari Farid Nurillayev. – Bundan tuman aholisi mamnun. Endi jondorliklar uzoqqa bormasdan tumanda davolanadi. Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar chuqurlashmoqda. Bu esa Jondorda Yangi O‘zbekistonning Yangi tibbiyoti vujudga kelishi uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA