Yangi qonun fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytiradi
So‘nggi to‘rt yilda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirishda odil sudlov alohida o‘rin tutishini e’tiborga olgan holda, sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Tariximizda ilk marotaba davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirishni ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman, shaharlarda ma’muriy sudlar tashkil etildi. Bu tizim qisqa muddatlarda o‘z natijasini bera boshladi.
Misol uchun 2019-2020 yillar davomida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy huquqiy munosabatlarga oid 31 ming 322 ta ariza ko‘rilib, ulardan 21 ming 272 tasi yoki 68 foizi qanoatlantirilgan. Shu jumladan, hokimlarning 2 ming 852 ta qarori haqiqiy emas, deb topilib, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan.
Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilinishi sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.
Ushbu islohotlarni amalga oshirish uchun yaqinda tegishli kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilindi.
Mazkur qonunlar Oliy sud tomonidan xalqaro tajribani o‘rgangan holda, soha mutaxassislari, olimlar hamda aholi, keng jamoatchilik bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan.
Qonun loyihalari tayyorlanishida Germaniya, Fransiya, Latviya, Vengriya, Italiya, Yaponiya, Kanada, Janubiy Koreya, Chexiya, Polsha kabi bir qator xorijiy davlatlar tajribasi e’tiborga olingan.
Xususan, qabul qilingan «Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko‘rib chiqish tartibini ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirishga xizmat qiladi.
Yangi Qonun fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilish, nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilish huquqiy asoslari va protsessual tartibini belgilashni nazarda tutadi.
Xolislik nuqtai-nazaridan shuni ta’kidlash kerakki, bungacha amalda bo‘lgan nazorat instansiyasi tizimi sud ishlarining yillab o‘z yechimini topmasdan, fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib kelgan. Shu bilan birga, avvalgi nazorat instansiyasi tizimi xalqaro standartlarga ham mos kelmas edi. Jumladan, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini bir necha marta qayta ko‘rish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu esa:
sud qarorlarining huquqiy jihatdan aniqlik prinsipini buzilishiga;
manfaatdor shaxslar sud ishidagi mavhumlik holatidan bir necha yillar aziyat chekishga mahkum bo‘lishiga;
oxir-oqibat sud hokimiyatining obro‘-e’tiboriga putur yetkazib, nafaqat sud protsessi ishtirokchilarida balki keng jamoatchilikda sudlarga nisbatan salbiy munosabat, shuningdek huquqiy tizimga nisbatan ishonchsizlik yuzaga kelishi uchun shart-sharoit yaratar edi.
Davlatimiz rahbari tomonidan «bir sud – bir instansiya» tamoyilining ilgari surilishi sud qarorlarini qayta ko‘rish tizimida yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni hal qilish yo‘lida ayni muddao bo‘ldi. Ya’ni ushbu tizimni tubdan ko‘rib chiqishga asos soldi.
Unga ko‘ra, bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirildi. Xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratilmoqda.
Birinchi instansiya – tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo‘yicha – viloyat sudlari, apellyatsiya instansiyasi – viloyat darajasidagi sudlar, kassatsiya instansiyasi sifatida – Oliy sud faoliyat olib boradi.
Ikkinchi instansiyada faqat nomi bilan farqlanuvchi ikkita bosqichning, ya’ni sud qarori qonuniy kuchga kirmagan ishlar bo‘yicha –apellyatsiya, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari bo‘yicha – kassatsiya mavjudligiga barham berildi. Xalqaro amaliyotga mos yagona apellyatsiya bosqichi yaratilmoqda.
O‘rta bo‘g‘indagi sudlar asosan apellyatsiya instansiyasi sudi sifatida ixtisoslashgach, ularning mas’uliyati kuchaytirildi. Bunda barcha diqqat-e’tibori sud qarorlarining sifatiga qaratiladi hamda birinchi instansiya sudlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf qilinadi.
Natijada sudlarda ishlarning yakuniy yechim topmasdan, qayta-qayta ko‘rilishiga, fuqarolar huquqlarining buzilishi holatlariga, ayniqsa, ularning yillar davomida ovora va sarson bo‘lib, sudma-sud yurishiga barham beriladi.
Ma’muriy ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq qonunchiligimizga kiritilgan asosiy o‘zgartish va qo‘shimchalar qo‘yidagilardan iborat:
Birinchidan, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarni tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish belgilanmoqda.
Ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etilishi, o‘z navbatida, ma’muriy sudlarning mustaqilligini ta’minlash, adolatli va asosli sud qarorlari qabul qilishga, davlat boshqaruvi va boshqa organlar tomonidan turli aralashuvlarning oldini olishga, sudlar tomonidan qonun ustuvorligi hamda fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, ishlarni kassatsiya instituti qayta isloh etilishi va nazorat instansiyasi tugatilishi munosabati bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksdagi nazorat instansiyasi bilan bog‘liq moddalar va barcha qoidalar chiqarib tashlandi.
Uchinchidan, Kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning yana bir muhim jihati shundaki, ilgari ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud qarorlari ustidan Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat keltirardi va ularning shikoyati Oliy sud sudyasi tomonidan yakka tartibda o‘rganib chiqilar edi. Shikoyatni o‘rganish natijasida sudya nazorat shikoyatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish yoki nazorat shikoyatini ish yuritishga qabul qilish va uni ko‘rib chiqish uchun ish bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risida ajrim chiqarar edi.
Nazorat shikoyatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish rad etilganda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar quyi sud qarorlari bilan birga, Oliy sud sudyasining ushbu ajrimidan ham norozi bo‘lganda, Oliy sud raisi yoki uning o‘rinbosariga takroran murojaat qilib, o‘zlariga tegishli ishni Oliy sudning sudlov hay’atida ko‘rib, ularning vajlarini eshitishni so‘rar edi. Bu esa, taraflarga ortiqcha ovoragarchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi.
Endilikda qonun talablariga javob beradigan, sud qarorlari ustidan Oliy sudga berilgan har qanday shikoyat (protest) to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudning sudlov hay’atida ko‘rib chiqish haqidagi qoida Kodeksga kiritildi. Ushbu o‘zgartirish sud qarorlari ustidan norozi bo‘lib shikoyat (protest) keltirgan har qanday shaxsning ishi kassatsiya instansiyasi sudida hech qanday to‘siqsiz ko‘rilib, ularning Oliy sud instansiyasida, sud majlisida ishtirok etish huquqini ta’minlaydi.
To‘rtinchidan, yuqori turuvchi sudga murojaat qiluvchi shaxslarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida, apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddati yigirma kundan bir oyga, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati bir oydan bir yilgacha bo‘lgan muddatga o‘zgartirildi.
Beshinchidan, ilgari apellyatsiya shikoyatini (protestini) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma ikki oydan kechiktirmasdan berilishi mumkin edi. Yangi Qonunda bunday cheklov chiqarib tashlandi va iltimosnoma taraflar tomonidan cheklanmagan muddatda berilishi mumkinligi belgilandi.
Kodeksga kiritilgan ushbu o‘zgartirish ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud qarorlari ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) keltirish huquqini to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi.
Oltinchidan, investorlar bilan ma’muriy organlar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining investitsiya shartnomasi shartlariga rioya qilinishi bilan bog‘liq qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi investitsiyaviy nizolar, raqobatga oid ishlar ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilishi belgilandi.
Endilikda yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bog‘liq arizasi (shikoyat), shuningdek, tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ariza va shikoyatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga taqdim etilishi mumkin.
Mazkur o‘zgartirishlar, o‘z navbatida, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldini oladi. Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga, sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini to‘liq ta’minlashga, investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishini ta’minlashga, sud mustaqilligi, bir so‘z bilan aytganda inson haq-huquqlarini ta’minlashga va qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo‘yicha xalqaro reytinglarda mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi.
Robaxon Mahmudova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
raisining birinchi o‘rinbosari