Yangi O‘zbekistonni bog‘u bo‘stonga aylantiraylik!
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi respublika boshqaruvining mamlakatimiz nuroniylariga
MUROJAATI
Qadrli nuroniylar, aziz otaxonlar va onaxonlar!
Keyingi yillarda jonajon O‘zbekistonimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar, yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, eng avvalo, fuqarolarning huquq va manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga, ko‘p millatli xalqimizni rozi qilishga, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan jahon hamjamiyati e’tirofini qozongani barchamizga cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonni barpo etish hamda Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yishdek ulug‘vor maqsadlar yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimiz iqtisodiyoti tobora yuksalib, ijtimoiy-siyosiy hayotimiz erkin va farovon qiyofa kasb etib bormoqda. Muxtasar aytganda, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak,degan tamoyil izchil yo‘lga qo‘yilib, aholi bilan bevosita muloqot qilish, uning muammolarini ijobiy hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi siyosiy-ijtimoiy tizim yaratildi.
Bu o‘rinda, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshi ulug‘ insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ijtimoiy himoya qilish, salomatliklarini saqlash, ular uchun barcha shart-sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlarni yaratib berish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida e’tirof etish joiz.
Bunday izzat-ikrom, e’zoz, e’tibor va g‘amxo‘rliklarga javoban, keksalarimiz ham jamiyat hayotida faol ishtirok etishga, o‘z hayotiy tajribalariga tayangan holda yurtimiz taraqqiyotiga,yosh avlod tarbiyasiga munosib hissa qo‘shishga astoydil harakat qilib kelishmoqda.
Aziz nuroniylar!
Xabaringiz bor, joriy yilning 2 noyabr kuni muhtaram Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Unda «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Albatta, yashil olamning tabiat va inson hayotida qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz, ayniqsa, biz yoshi ulug‘ insonlar yaxshi anglaymiz. Xususan, daraxtlar shahar havosini 2-8 darajaga salqin qilishi, bitta daraxt yiliga 15 ming litrgacha suvni tuproqda saqlashi, bitta katta daraxt bir yilda o‘n kishi iste’mol qiladigan miqdorda kislorod ishlab chiqarishi mutaxassis-olimlar tomonidan isbotini topgan ayni haqiqat.
Shu bois ham ko‘chat ekib, bog‘ yaratish qadim ajdodlarimizdan avlodlarga o‘tib kelayotgan boqiy qadriyatga aylangan. Zero, yashil olamning eng birinchi navbatda sog‘ligimizga katta foyda ekani, shuningdek, inson kayfiyatini ko‘tarishi, tevarak-atrofga ajib go‘zallik va joziba baxsh etishi, inson va tabiat muvozanatini ta’minlashi barchamizga ayon. Mevali daraxtlarimiz beradigan turli tuman totli ne’matlarning esa, ta’rifiga til ojiz.
Shuning uchun ham, ayni vaqtda Yangi O‘zbekiston siyosatida bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyat inobatga olinib, daraxt ko‘chatlari ekish ishlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda.
Albatta, bu siyosatni qo‘llab-quvvatlash va hayotga izchil tatbiq etishda mamlakatimizdagi 3 million nafarga yaqin nuroniylarimiz alohida faollik ko‘rsatib, xalqimizga ibrat bo‘lishlari maqsadga muvofiq.
Binobarin, bu kabi umumxalq harakatlarida ko‘pni ko‘rgan, katta amaliy tajriba va hayotiy bilimga ega bo‘lgan yoshi ulug‘ keksalarimiz azaldan bosh-qosh bo‘lib kelishgan. Shunday ekan, ota-bobolarimizning ushbu ezgu an’analarini davom ettirib, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda ham biz nuroniylar tashabbusni qo‘lga olishimiz, bu g‘oyani umummilliy harakatga aylantirish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solishimiz lozim.
Buning uchun, eng avvalo, o‘zimiz yashab turgan xonadon, ko‘cha va mahallamiz hududlariga turli mevali va manzarali ko‘chatlarni o‘tqazib, bu ishga farzandlarimiz, nevara-chevaralarimiz, yaqinlarimiz, mahalladoshlarimizni ham jalb etaylik. Qolaversa, o‘z tumanimiz, viloyatimiz miqyosida iqlim sharoitlarimizdan kelib chiqib, daraxt ko‘chatlari ekish yumushlariga munosib ulushimizni qo‘shaylik.
Davlatimiz rahbari ushbu savobli ishda har bir tashkilot, har bir fuqaro o‘z o‘rnini topishi kerakligini ta’kidlagan ekan, ushbu da’vatga javoban, biz nuroniylar oldingi saflarda bo‘lib, amaliy ishlarimiz bilan bir qatorda, bu umummilliy loyihani amalga oshirish ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini ham o‘rnataylik. Barpo etilayotgan yangi daraxtzorlarni asrab-avaylaylik, mavjud daraxtlar besabab kesilishining oldini olaylik.
Qadrli otaxonlar va onaxonlar!
«Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishdek ezgu-savob ishga har birimiz belimizni mahkam boylab, uyushqoqlik bilan kirishaylik hamda joriy yilning 10 dekabriga qadar mamlakatimiz bo‘ylab e’lon qilingan daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik»da ahillik va hamjihatlik bilan faol ishtirok etaylik!
Toki, o‘zimiz va avlodlarimiz uchun obod va so‘lim maskanlar, ko‘z ko‘rsa quvnaydigan, bahru dilni ochadigan yam-yashil bog‘u-rog‘lar, xiyobonlarni ko‘paytirishda tashabbusni qo‘lga olaylik. Xalqimizning «Yaxshidan bog‘ qoladi», degan purma’no maqoli zamiridagi asl hikmatning hayotiy ifodasini amalda namoyon etaylik!
Yangi O‘zbekistonni bog‘u bo‘stonga aylantiraylik!