Yangi O‘zbekistonga yangi g‘alabalar yarashadi
Ko‘nyo – 2021. Joriy yilning 6 – 18 avgust kunlari barchaning diqqat e’tibori Turkiyaning Ko‘nyo shahrida o‘tkazilgan V Islom birdamligi sport o‘yinlariga qaratildi. Dunyoning 56 ta mamlakatidan tashrif buyurgan sportchilar turli sport turlari bo‘yicha chinakamiga bahs olib bordi.
Munosib ishtirok. Ahamiyatli jihati, mazkur sport o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasidan 256 nafar sportchilarimiz sportning 24 ta turi bo‘yicha qatnashdi va munosib ishtirokchi davlat sifatida tan olindi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yurt ishonchini oqlashga ahd qilgan har bir sportchimiz bellashuv shohsupasiga chiqar ekan, o‘zlaridagi bor jasorat hamda mahoratini namoyon qila oldi.
Yakuniy natijalar. Bunday munosib ishtirokni erishilgan g‘alaba, qo‘lga kiritilgan medallar shodasi bilan isbotlash mumkin. Delegatsiyamiz a’zolari 158 ta medal (51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza) jamg‘arib, davlatlar o‘rtasida umumjamoa hisobida 2-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Sportchilar oilasining vakillari sovrindorlar safida. Yana bir faxr bilan tilga olinadigan jihat ham borki, u ham bo‘lsa V Islom birdamligi o‘yinlaridagi sovrindorlarning aksariyati O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining sobiq va hozirda tahsil olayotgan iste’dodli talaba-yoshlaridir.
Aniq faktlarga asoslanadigan bo‘lsak, 47 nafar O‘zDJTSU talabalari ishtirok etib, jami 44 ta medal, shundan 17 ta oltin, 15 ta kumush va 12 ta bronza medallarini qo‘lga kiritli. Birgina sportning og‘ir atletika yo‘nilishi bo‘yicha ishtirok etgan talabalarimiz 7 ta oltin, 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, musobaqa rekordchisiga aylandi. Shu bilan birga, taekvondo 1 ta oltin, 2 ta bronza, qilichbozlik 1 ta oltin, 1 ta bronza va 6 ta kumush, dzyudo 2 ta oltin, badiiy gimnastika 1 ta oltin, 1 ta bronza va 3ta kumush, gimnastika 2 kumush, 1 ta oltin, yengil atletika yo‘nalishidagi talabalarimiz ham o‘zlarining munosib ishtiroklari bilan tengdoshlarining, qolaversa, butun o‘zbek xalqining olqishiga sazovor bo‘lishdi.
Mazkur sportchilarni rag‘batlantirish maqsadida Prezidentimizning “Ko‘nyo shahrida (Turkiya) bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning trenerlarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish to‘g‘risida“ gi qarori qabul qilindi.
Bularning barchasi yurtimizda sportga, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir. Zero, farzandlari ham ma’nan ham jismonan sog‘lom yurtdagina yuksalish, rivojlanish bo‘ladi.
Mahmudjon Boltaboyev,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya
va sport universitet rektori, professor