“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!”
Buxoroda yoshlar oyligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida yoshlar o‘rtasida mini futbol va futbol bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqasining shahar va tumanlar bosqichi g‘oliblari taqdirlandi. Viloyat bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, musobaqalarda 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar futbol va mini futbol, qizlar mini futbol bo‘yicha ishtirok etishadi. DXX kubogi viloyat bosqich o‘yinlariga joriy yilning 18 iyunidan start beriladi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar, ma’muriy sektorlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi. Viloyat hokimi ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarni tabrikladi.
– Albatta, yoshlarimiz birgina sportda emas, balki barcha sohalarda mamlakatimiz va jahon miqyosida yuqori natijalarga erishayotgani har birimizga faxr-iftixor, o‘zgacha g‘urur bag‘ishlaydi, – deydi Botir Zaripov. – Albatta, bunday tadbirlar tashkil etilishi zamirida xalqimiz hamda farzandlarimizning salomatliklariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishi uchun munosib sharoitni yaratishdek xayrli maqsadlar mujassam.
[gallery-17833]
Tadbirda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi sifatida buxorolik yigit-qizlar qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlarga alohida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, joriy o‘quv yilida umumta’lim maktablarida qariyb 30 ming nafar 9-sinf, 22 ming nafar 11-sinf o‘quvchi yetuklik shahodatnomalarini olmoqda. Shuningdek, 11-sinf bitiruvchilaridan 861 nafari oltin va kumush medallar bilan maktabni bitirgan bo‘lsa, 729 nafar yosh iste’dod egasi maktabni oltin medal bilan tamomladi. Iqtidor egalarining 7 nafari fan olimpiadalarining respublika hamda yana 7 nafari xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan. Quvonarlisi, joriy yilda 350 nafardan ortiq iqtidorli yigit-qizlar maktab partasidayoq nufuzli xorijiy va milliy oliygohlarning talabasi bo‘lgan.
Muhimi, yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urilmasin, avvalo, ertamiz egalari yoshlarga, barkamol avlod egalari kuch-g‘ayratiga, azmu shijoatiga suyanilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Bugun qat’iy ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda fidoyi va vatanparvar yoshlar mamlakatimiz Prezidentiga kamarbasta bo‘lib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi. Binobarin, har bir inson kelajagini o‘z qo‘li, iqtidori va iste’dodi bilan yaratadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “O‘g‘il-qizlarimiz xalqimizning oltin fondi, Uchinchi Renessans bunyodkorlaridir. Yangi O‘zbekistonning kelajagi hisoblangan bunday fidoyi, bilimli, zukko va vatanparvar o‘g‘il-qizlarimiz barchaga namuna bo‘lishi kerak!”.
Tadbirda turli jabhalarda faolligi bilan ajralib turgan yetakchi, liderlik qobiliyatiga ega yigit-qizlar, nufuzli fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlov va musobaqalar sovrindorlari munosib taqdirlandi.
“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar bayrami respublikamiz hamda viloyatning taniqli estrada xonandalari, xushovoz yosh ijrochilarning gala-konserti bilan yakunlandi.
Yoshlar oyligi doirasidagi tadbirlar shahar va tumanlarda davom etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.