"Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh" media haftaligi yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida "Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh" milliy media dasturi doirasida tashkil etilgan Yoshlar media haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Iqtidorli yoshlarni aniqlash, qo‘llab-qyvvatlash, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ommaviy-axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda faol va xolis yoritishda yoshlar ishtirokini kuchaytirish, shuningdek, mamlakatimizda so‘z va axborot erkinligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – matbuot kotibi Sherzod Asadov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va boshqalar ishtirokchilarni 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan tashkil etilgan media-haftalik bilan qutladi.
O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA), Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi, YUNESKO ishlari bo‘yicha komissiya, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va MY5 telekanali hamkorligida tashkil etilgan media haftalikda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari matbuot xizmatlari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar vakillari, yoshlar ishtirok etmoqda.
- bugungi kunda hamma o‘zi bilmagan holda jurnalist. Mamlakatimizda so‘z erkinligi bor, shuning uchun ham ular har qanday mavzuni haqqoniy yoritishlari mumkin. Ushbu forumning ochilish marosimi jahon matbuot erkinligi kunida bo‘layotgani ham bejiz emas, albatta, — dedi O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi rahbari Firdavs Abduholiqov.
Tadbir doirasida maxsus uchrashuvlar va mahorat darslari, «Yangi Zamon» axborot-tahliliy dasturi yangi pavilonining ochilish marosimi, “Yangi O‘zbekiston — yangi media. Muvaffaqiyat siri" mavzusida mamlakatning taniqli jurnalistlari va media-ekspertlari ishtirokida ochiq muloqot, teleboshlovchi va dokumentalist Valdis Pelshning teleboshlovchilar guruhi uchun mo‘ljallangan trening, “Shum bola-2021” xalqaro kinofestivallari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
- Yangi O‘zbekistondagi hayotimiz jadal ravishda rivojlanmoqda va atrofdagi barcha narsalar, shu jumladan, media makonning transformatsiyasini talab qilmoqda. Odamlar ijtimoiy tarmoqlar, televideniyega ko‘proq qiziqyapti va shu sababdan media, iste’molchilarning talablariga qarab ishlashi kerak. Bu borada ayniqsa, yoshlar talabiga javob bera oladigan kontentni yarata bilish muhim. Bu haftalikdan asosiy maqsad ham yoshlar ichidan eng saralarini tanlab olish, o‘qitish va mukammal jurnalist sifatida shakllanishiga xizmat qilishdan iborat, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Haftalik davomida yosh jurnalistlar uchun xalqaro mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida ijodiy uchrashuv va mahorat darslari, madaniy-ko‘ngilochar dasturlar hamda kino prem’eralari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Media-haftalik tadbirlari 7 maygacha davom etadi.
[gallery-2266]
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA