Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy poydevori buyuk ajdodlar merosidan quvvat oladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurdi va Temuriylar tarixi davlat muzeyidagi rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.
Prezidentimiz xiyobonda mashhur davlat arbobi, yengilmas sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Shu kunlarda Vatanimizda katta bayram, katta shodiyona – Amir Temur bobomizning 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu qutlug‘ sana munosabati bilan mamlakatimizda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Amir Temur XIV asrda, g‘oyat murakkab bir davrda yurtimiz hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, Vatan ozodligi yo‘lida ulkan jasorat ko‘rsatgan buyuk tarixiy shaxsdir. U asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Sohibqironning hayoti va faoliyati salkam yetti asrdan buyon dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganib kelinmoqda. Turli mamlakatlarda Amir Temur va temuriylarga bag‘ishlab minglab badiiy, ilmiy va san’at asarlari yaratilgani, bu ishlar bugun ham davom etayotgani uning tarixiy siymosi va merosi nechog‘liq beqiyos ekanidan dalolat beradi.
Xalqimiz muqaddas yurtimiz zaminidan shunday ulug‘ zot yetishib chiqqani bilan doimo faxrlanib yashaydi. Ayniqsa, bugungi kunda – Yangi O‘zbekiston sharoitida Amir Temur va temuriylar tarixi hamda merosini chuqur o‘rganish har qachongidan ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu shonli sulola tomonidan yaratilgan temuriylar Renessansi mamlakatimizda yangi Uyg‘onish davri poydevorini yaratishda xalqimiz uchun ishonch, ilhom va kuch-g‘ayrat manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Amir Temurning “Kuch – adolatda”, “Adolat bilan jahon gulshani obod bo‘ladi” degan dono o‘gitlari bugun yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarda o‘ziga xos dastur va amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, Sohibqiron merosi nafaqat xalqimizning shonli o‘tmishi, balki bugungi taraqqiyotimiz va kelajak maqsadlarimiz bilan ham uzviy bog‘liqdir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda Amir Temur va temuriylar merosini chuqur o‘rganish, uni yurtimiz va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan alohida qaror qabul qilinib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, har yil aprel oyini mamlakatimizda Amir Temur oyligi sifatida o‘tkazish belgilandi. Ijodkorlar tomonidan yangi ilmiy va badiiy kitoblar, film va spektakllar, tasviriy san’at asarlari yaratilmoqda. Xususan, mashhur “Temur tuzuklari” asari yangitdan nashr etildi. Yurtimizda ulug‘ bobomiz nomi bilan atalgan davlat mukofotlari, maydon va xiyobonlar, ta’lim va madaniyat maskanlari mavjud. Hududlardagi “Temurbeklar maktablari” esa yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu kunlarda poytaxtimizda Amir Temur va temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazilayotgani ham ushbu ezgu ishlar izchil va tizimli davom etayotganining yorqin tasdig‘idir. Unda yurtimiz olimlari bilan bir qatorda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan atoqli tarixchilar, shoir va adiblar, madaniyat va jamoat namoyandalari ishtirok etmoqda.
Bugun mamlakatimizda Sohibqiron o‘gitlariga amal qilib, adolatli davlat qurish, muhtojlarga yordam berish, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-ma’rifat va bunyodkorlikni rivojlantirish, dunyoga ochiq bo‘lib, turli mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jihatlar ham Amir Temur merosining bugungi hayotimizdagi dolzarb ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
O‘zligimizni anglash, boy tariximizni tiklash va ajdodlarimiz merosini kelajak avlodga yetkazish maqsadida keyingi yillarda yirik ma’naviy-ma’rifiy maskanlar barpo etildi. Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi bunyod etildi. Shular qatorida bundan 30 yil oldin qurilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham zamonaviy talablar asosida tubdan qayta ta’mirlandi. Endi ushbu maskan ilmu ma’rifat, innovatsion tafakkur, yangi g‘oyalar va tadqiqotlar markaziga aylanmoqda. Bu yerda barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, mazkur dargoh el-yurt, ayniqsa, yosh avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatilib, haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur qayerda bo‘lmasin, bog‘u rog‘lar barpo etishga, har bir qarich yerni obod qilishga katta ahamiyat qaratgan. Ana shu bunyodkor an’analarning uzviy davomi sifatida Amir Temur xiyobonida ham katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev xiyobonda ko‘chat ekdi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Sohibqiron Amir Temur tavallud topganining 690 yilligi munosabati bilan rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.

Ma’lumki, Movarounnahrni yagona davlat sifatida birlashtirgan Sohibqiron poytaxti Samarqand bo‘lgan qudratli saltanat tuzdi. O‘zining dunyoga mashhur “Temur tuzuklari” orqali davlatni boshqarishning huquqiy mezonlarini belgilab berdi. Ilm-fan va madaniyat rivojiga ham beqiyos hissa qo‘shib, Ikkinchi uyg‘onish davri – temuriylar Renessansiga asos soldi.
Uning davrida bunyod etilgan bebaho obidalar o‘zbek xalqining milliy g‘ururi va o‘lmas tarixiy merosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bobomizning “Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin”, deya ta’kidlagan hikmatli so‘zlari bugun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarda yaqqol aks etmoqda.
Ushbu ulug‘ zot tavalludining 690 yilligini keng nishonlash maqsadida joriy yil 5-fevral kuni Prezidentimizning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Qaror ijrosi doirasida dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosi rekonstruksiya qilindi, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Raqamlashtirish orqali imkoniyatlari kengaytirilib, ekspozitsiyalari yangilandi, jumladan, xorijdagi to‘plamlardan xarid qilingan eksponatlar bilan boyitildi.
Jumladan, muzeyning birinchi qavatida “Buyuk Sohibqiron – Ikkinchi Renessans asoschisi” bo‘limi tashkil etildi. Ikkinchi qavatda esa sun’iy intellekt va “aqlli” texnologiyalar asosida Amir Temur davri va temuriylar haqida interaktiv ekspozitsiyalar joylashgan. Shuningdek, 3D formatdagi eksponatlar hamda xaritalar namoyish qilingan.

Davlatimiz rahbari Temuriylar tarixi davlat muzeyining yangilangan ekspozitsiyasi va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, ajdodlar merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib etishning naqadar muhim ekaniga urg‘u berdi.
– Dunyo havas qilgulik tariximiz, merosimiz bor. Sohibqiron tarixini jamlagan muzey zamonga munosib yangi qiyofaga kelgani yaxshi bo‘ldi. Endi buni aholimizga, yoshlarga, xorijlik mehmonlarga yetkazish eng katta vazifamiz. Yangi O‘zbekistonni yuksaltirish uchun kerakli bilimlarni qayerdan olish mumkin desangiz, bularning barchasi – ajdodlarimiz qoldirgan merosda, ilmda. Shu bois, yoshlarimizni, nuroniylarni, umuman, aholimizni mahallabay tarzda muzeylarga olib kelib, buyuk tariximiz haqidagi bilimlarini oshirishimiz lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif asnosida Temuriylar tarixi davlat muzeyining mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA muxbirlari