“Yangi O‘zbekiston talabalari Olimpiadasi”ga start berildi (+video)
“Olimpiya shaharchasi”ning zamonaviy sport majmualari 5-iyun kuni havaskor sportchi talabalarga o‘z quchog‘ini ochdi. Albatta yoshlar barcha sharoitlarga ega mahobatli sport saroylarida kuch sinashishlarining ahamiyati katta. Chunki, bu yerda musobaqlarda ishtirok etayotgan har bir yosh o‘zini olimpiada qatnashchisidek his qiladi.
Final bosqichi bahslari sportning 7 turini qamrab olib, “Yangi O‘zbekiston talabalari Olimpiadasi” dasturiga muvofiq, birinchi kun davomida voleybol, futbol, gandbol va yengil atletika bo‘yicha bahslar tashkil etildi. Shu bilan birga keyingi kunlarda yoshlar sportning basketbol, stol tennisi va suzish turlari bo‘yicha ham kuch sinashadi.
Gandbol bo‘yicha dastlab Namangan davlat universiteti Chirchiq davlat pedagogika universitetiga qarshi maydonga tushgan bo‘lsa, keyinroq Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Termiz davlat universiteti jamoalari o‘rtasidagi bahs qizg‘in davom etdi.
Shuningdek, olimpiada doirasida yengil atletika musobaqalari shiddatli va murosasiz kechdi. 100 metrga yugurish final bosqichida Termiz davlat universiteti talabasi Sardorbek Adamboyev 11.05 soniya natija bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida Intizor Shuhratova 13.37 soniyada marra chizig‘ini kesib o‘tib, raqiblariga imkon qoldirmadi.
Shuningdek, ayollar va erkaklar o‘rtasida turli masofalarga uzunlikka sakrash, yadro uloqtirish bahslari ham qizg‘in davom etmoqda. Barcha bellashuvlar olimpiada talablari asosida o‘tmoqda va ularga tajribali hakamlar jalb qilingan.
Birinchi kunda shuningdek Chirchiq davlat pedagogika universitetida ham qizlar o‘rtasida voleybol musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir tashkilotchilarining ta’kidlashicha olimpiadaning final bosqichi musobaqalarining rasmiy ochilish marosimi Olimpiya shaharchasida tantanali, yuqori darajada bo‘lib o‘tadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KgHgurdiu9c" title="“Yangi O‘zbekiston talabalari Olimpiadasi”ga start berildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA