“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”: final bosqichi doirasida yengil atletika musobaqalari boshlandi
Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi” hududida joylashgan Markaziy stadionda “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning final bosqichi doirasida yengil atletika musobaqalari boshlandi.
Mamlakatimizning turli hududlaridan saralab olingan iqtidorli va mahoratli talabalar ishtirok etayotgan musobaqaning ilk kuni qizg‘in va murosasiz bellashuvlarga boy o‘tdi. Dasturga muvofiq, sportchilar erkaklar va ayollar o‘rtasida 100, 400 va 1500 metr masofalarga yugurish, 4x100 metrli estafeta hamda uzunlikka sakrash yo‘nalishlarida kuch sinashdi.

Bellashuvlar davomida bir qator yuqori natijalar qayd etilib, g‘oliblik uchun kurash so‘nggi daqiqalargacha davom etdi. Ayniqsa, sprint va estafeta bahslaridagi raqobat tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Musobaqalarni kuzatish uchun stadionga yig‘ilgan sport muxlislari va talabalar keskin hamda hayajonli bahslarning guvohi bo‘ldi. Ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, iroda kuchi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi har bir chiqishda yaqqol namoyon bo‘ldi.

Yengil atletika bo‘yicha bellashuvlar ertaga ham davom etadi. Unda talabalar sportining eng kuchli vakillari medallar hamda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA