Yangi O‘zbekiston o‘z qarashiga ega
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Samarqanddagi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oldidan “Euronews” axborot agentligiga bergan intervyusi mamlakatimizning xalqaro maydondagi rivojlanish strategiyasi, qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z qarashlari hamda global o‘zgarishlar fonida milliy manfaatlarni himoya qilish yo‘llari haqida batafsil tahlilni taqdim etdi.
Namangan davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Sobitxon Turg‘unov bu boradagi o‘z fikr-mulohazalarini quyidagicha bayon qildi:
– Yurtboshimiz 27 davlatni, jumladan, “Katta yettilik”ka a’zo Germaniya, Fransiya va Italiya kabi mamlakatni birlashtirgan Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan mintaqalararo darajada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan eng yirik integratsion tuzilma hisoblanishini, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik iqtisodiyot va investitsiyadan tortib barqaror rivojlanish, xavfsizlik va raqamli transformatsiyagacha bo‘lgan sohalarning keng majmuasini qamrab oladi hamda uzoq muddatli strategik ustuvor yo‘nalishlarga asoslanishini alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, bugungacha O‘zbekiston Italiya va Fransiya bilan strategik sheriklik o‘rnatdi. Germaniya va Markaziy Osiyo mamlakatlari esa mintaqaviy strategik sheriklarga aylandi. Mintaqamizda kuzatilayotgan ijobiy jarayonlar tufayli Markaziy Osiyo qudratli va yetakchi davlatlarning Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi yo‘llar tutashgan geosiyosiy chorrahadagi ishonchli hamkori bo‘lib ulgurganini ta’kidlagan davlatimiz rahbari bunday sharoitda Samarqand sammitida Yevropa Ittifoqi va mintaqamiz davlatlari o‘rtasida strategik sheriklik yo‘lga qo‘yilishi mintaqalararo hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikning rivojlanishida yangi yo‘nalishlar ochishini aytib o‘tdi.
Intervyuda ta’kidlangan yana bir asosiy mavzulardan biri mintaqaning xavfsizligi va unga jiddiy tahdid solayotgan omillardir. Bu borada Prezidentimiz Markaziy Osiyoda konstruktiv, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan va o‘zaro manfaatli munosabatlarni bosqichma-bosqich barpo etish eng to‘g‘ri va oqilona yechim ekanini e’tirof etdi. Yurtimizda turli madaniyat va e’tiqod vakillari tinch-totuv hayot kechirmoqda, diniy bag‘rikenglik va inson huquqlari himoyasi - davlat siyosatining muhim ustunlaridan biri etib belgilangan.
Shuningdek, bo‘lajak sammitdan kutilayotgan natijalar hamda mamlakatimizning iqtisodiy strategiyasi, investitsion muhit va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi rejalarga ham batafsil to‘xtaldi. Nufuzli sammit xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochishiga ishonch bildirdi.
Tabiiyki, ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni rag‘batlantirish, texnologik rivojlanishga berilayotgan e’tibor – ekologiya sohasidagi kadrlar raqobatbardoshligini ta’minlashning muhim sharti. Bu borada O‘zbekiston strategik yo‘nalishlarni aniq belgilab olgan bo‘lib, aynan shu masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
“Euronews” nashriga berilgan intervyudan shunday xulosa chiqarish mumkinki, O‘zbekiston o‘zining mustaqil yo‘lidan borayotgan, milliy qadriyatlarini asrab-avaylagan holda global taraqqiyotga intilayotgan davlat sifatida rivojlanmoqda. Prezidentimiz ilgari surgan g‘oyalar, sammitda o‘rtaga tashlanadigan takliflar mamlakatimiz kelajagi uchun juda muhim.
Oqilxon Dadaboyev yozib oldi.
O‘zA