Yangi O‘zbekiston – milliy yuksalishning oltin davri bo‘sag‘asida: mahalla – jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurmachisi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqini katta hayajon va alohida mas’uliyat hissi bilan tingladik. Ushbu nutq mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi, kelgusi o‘n yillikda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar va xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan strategik maqsadlar belgilangani bilan ahamiyatlidir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik esa milliy yuksalish davri bo‘ladi. Eng muhimi, bu yuksalish xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi asosida bunyod etiladi. Shu maqsadda kelgusi yillarda inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan 7 ta milliy dastur amalga oshirilishi e’lon qilindi.
Darhaqiqat, mahalla – odamlarning kundalik hayoti, tashvishi va orzu-umidlari yaqqol namoyon bo‘ladigan maskan. Shu bois bugun mahalla raisi faqat belgilangan vazifalarni bajaruvchi rahbar emas, balki hududdagi har bir masalaga daxldor, aholi dardini tinglaydigan va uning yechimi uchun shaxsiy mas’uliyatni his qiladigan yetakchi bo‘lishi talab etilmoqda.
Chunki mahalladagi o‘zgarish ham, odamlarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchi ham, avvalo, joylardagi amaliy ish va uning samarasiga bog‘liq.
Shundan kelib chiqib, strategik dasturlarning oltinchi yo‘nalishi bevosita mahallaga bag‘ishlangani biz uchun alohida ahamiyatga ega. Prezidentimizning “Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi”, degan fikri mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rnini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbari mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltirish tashabbusini ilgari surdi. Bu – shunchaki yangi vazifa emas. Bu – mahallaning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va maqomini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadigan strategik yondashuvdir.
Agar avval mahallaga ko‘proq davlat va jamiyat oldida turgan vazifalarni joylarda amalga oshiradigan tizim sifatida qaralgan bo‘lsa, endi u hududni rivojlantirish bo‘yicha qarorlarni shakllantirishda bevosita ishtirok etadigan, aholi nomidan talab va takliflarni ilgari suradigan asosiy buyurtmachiga aylanmoqda.
Nutqda qayd etilganidek, tuman byudjeti, investitsiya dasturi va infratuzilma loyihalari endilikda mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda eng asosiy mezon – fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi bo‘ladi.
Bu nima degani? Bu, avvalo, har bir mahalladagi muammo va imkoniyatlarni eng yaxshi biladigan aholining ovozi davlat dasturlarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi, deganidir. Qaysi ko‘chani ta’mirlash zarur, qayerda ichimlik suvi, elektr energiyasi yoki yo‘l bilan bog‘liq muammo bor, qaysi hududda ijtimoiy ob’ektga ehtiyoj yuqori, yoshlarga qanday imkoniyat kerak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun nimani hal qilish zarur – bunday masalalar mahallaning o‘zida aniqlanib, asoslangan buyurtma sifatida ilgari surilishi kerak.
Shu ma’noda, “mahalla buyurtmasi” – bu, eng avvalo, xalqning buyurtmasi. Uning zamirida odamlarni eshitish, har bir hududning o‘ziga xos ehtiyojini chuqur o‘rganish va davlatning mavjud imkoniyatlarini aynan shu ehtiyojlarga yo‘naltirish g‘oyasi mujassam.
Bugun ana shu yangi yondashuvni amalda qaror toptirish borasida ham manzilli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Markaziy bank va tijorat banklari bilan hamkorlikda mahallalarga yangi ish muhitini olib kirish, mahalla raisi va “mahalla bankiri” hamkorligini mustahkamlash, ular faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 8 992 ta mahallaga jami 3 095 nafar “mahalla bankiri” biriktirilgan. Ular uchun metodik qo‘llanmalar tayyorlanib, doimiy ravishda o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etilmoqda. Bu ham mahallani taraqqiyotning asosiy buyurtmachisiga aylantirish g‘oyasining amaliy ifodasidir. Chunki mahallaning taraqqiyoti, eng avvalo, aholi bandligi, oilalar daromadi, tadbirkorlik tashabbuslari va yangi iqtisodiy imkoniyatlarning kengayishi bilan o‘lchanadi. Shu maqsadda “Dolzarb 40 kunlik” doirasida mahallalarda ishlarni yangi tizim asosida tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Hisob palatasi, Markaziy bank, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda qo‘shma farmoyish qabul qildik.
“Yettilik” tomonidan o‘tkazilgan xatlov davomida 521 631 nafar ishsiz va mehnat bozoriga kirib kelgan fuqarolar aniqlanib, ularning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. “Dolzarb 40 kunlik” doirasida mahalla raislari tomonidan “Raqamli mahalla” platformasidagi 353 842 nafar ishsiz fuqaro bo‘yicha buyurtmalar shakllantirilib, “mahalla bankir”lariga yuborildi.
Bu jarayonning o‘zi ham “mahalla – buyurtmachi” tamoyilining amaldagi ko‘rinishidir. Ya’ni mahalla muammoni shunchaki aniqlab qo‘yayotgani yo‘q. U ehtiyojni o‘rganmoqda, buyurtmani shakllantirmoqda va uni aniq yechimga yo‘naltirmoqda. Prezidentimiz nutqida belgilangan mahalla bilan bog‘liq milliy dasturning tub mohiyati ham ana shunda.
Mahalla davlat siyosatining eng quyi bo‘g‘ini emas, balki inson manfaati va hudud taraqqiyoti kesishadigan eng muhim nuqtaga aylanishi kerak. Bu yangi tizim mahalla faollari, “yettilik”, hududiy tuzilmalar va barcha mutasaddilardan ishga munosabatni ham o‘zgartirishni talab etadi.
Endi mahalladagi ish samarasi qog‘ozdagi hisobotlar yoki o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki odamlar hayotidagi real o‘zgarish bilan o‘lchanishi lozim. Oila daromadi oshdimi? Yoshlar ishli bo‘lishdimi? Tadbirkorning tashabbusi qo‘llab-quvvatlandimi? Muammoli ko‘cha obod bo‘ldimi? Aholini qiynayotgan masalaga yechim topildimi? Ana shu natijalar mahalladagi faoliyatimizning haqiqiy bahosi bo‘ladi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan mazkur g‘oyalarni keng jamoatchilikka to‘g‘ri va tushunarli yetkazish ham muhim vazifamizdir. Odamlar 7 ta milliy dastur nima uchun belgilanganini, ularning inson qadri va farovonligiga qanday xizmat qilishini, ayniqsa, oltinchi yo‘nalish sifatida mahallaga berilgan yuksak e’tiborning mohiyatini chuqur anglab yetishi zarur.
“Mahalla – asosiy buyurtmachi” degan tamoyil har bir fuqaro uchun oddiy va tushunarli mazmun kasb etishi kerak. Bu – “Mahallamizga nima kerak?”, “Odamlarimizni nima qiynayapti?”, “Qaysi muammoni birinchi navbatda hal qilishimiz zarur?” degan savollarga jamoa bo‘lib javob topish demakdir.
Shu jihatdan targ‘ibot va tushuntirish ishlarida ham Prezidentimiz nutqidagi asosiy g‘oyalar – milliy yuksalish, inson qadri, xalq bilan birdamlik va mahallaning taraqqiyotdagi yangi o‘rni o‘zaro uyg‘un holda yetkazilishi lozim. Chunki kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davriga aylantirish, avvalo, har bir mahalladagi o‘zgarishdan boshlanadi.
Har bir oilaning farovonligi, har bir yoshning orzusi, har bir tadbirkorning tashabbusi va har bir fuqaroning roziligi mahallada namoyon bo‘ladi. Shu bois mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish – xalqimizning xohish-irodasini taraqqiyot dasturlarining bosh mezoniga aylantirish demakdir.
Bizga bildirilgan ana shu yuksak ishonchni oqlash, Prezidentimiz belgilab bergan mahalla bilan bog‘liq milliy dasturning mazmun-mohiyatini har bir mahalla, har bir ko‘cha va har bir xonadongacha yetkazish, uni aniq amaliy natijalarga aylantirish barchamizning eng muhim vazifamizdir. Zero, milliy yuksalishning haqiqiy natijasi, avvalo, mahallada, insonlar hayoti va oilalar farovonligida namoyon bo‘lishi kerak.
Qahramon QURONBOEV,
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi,
siyosiy fanlar doktori, professor