Yangi Namangan mahallasida zamonaviy oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi
FOTOREPORTAJ
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Namangan viloyati Norin tumanida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va zamonaviy tibbiy infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom etmoqda.
Navbatdagi ana shunday ezgu tashabbus doirasida Yangi Namangan mahallasida 20-oilaviy poliklinikani foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, viloyatdagi tashkilot va muassasalar rahbarlari, mahalla ahli, nuroniylar hamda tibbiyot sohasi vakillari ishtirok etdi.
Qayd etish joizki, Yangi Namangan mahallasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yilda Norin tumaniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar asosida olib borilmoqda. Barpo etilgan yangi oilaviy poliklinika aholiga tibbiy xizmatlarni yashash hududiga yaqinlashtirish, profilaktika va erta tashxislash ishlarini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.
Birinchi tipdagi mazkur oilaviy poliklinika 9 ming 300 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Muassasada bemorlar uchun zarur va qulay sharoitlar yaratilgan. Xususan, erkaklar va ayollar uchun alohida kunduzgi davolash bo‘limlari tashkil etilgan. Emlash jarayonida onalar va bolalarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus bolalar xonasi ham barpo etilgan.
Poliklinika qurilishi uchun 4 milliard 800 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, muassasa 1 milliard 500 million so‘mlik zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Poliklinikada rentgen, UTT va EKG apparatlari, fizioterapiya hamda laboratoriya xonalari mavjud. Akusherlik-ginekologiya xizmati uchun zarur tibbiy uskunalar, stomatologiya xonasi ham zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.
[gallery-31147]
Jarrohlik xonasida kichik amaliyotlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan zamonaviy jarrohlik stoli o‘rnatilgan. Bu esa aholiga ayrim tibbiy xizmatlardan yashash hududining o‘zida foydalanish imkonini yanada kengaytiradi.
Yangi poliklinikaning ishga tushirilishi Yangi Namangan mahallasi aholisi uchun tibbiy xizmatlardan foydalanishda qo‘shimcha qulayliklar yaratib, kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Zamonaviy tibbiy infratuzilma bilan ta’minlangan mazkur muassasa Norin tumanida aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning yana bir amaliy ifodasidir.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA