Yangi mehnat kodeksida nimalar o‘zgardi?
Guliston Davlat universitetida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Anvar To‘ychiyev, Qonunchilik palatasi deputatlari Akmal Haitov, Sherzod Qulmatov, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti mutaxassisi Sardorbek Jo‘rayev, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutaxassisi Xurshid Mixliyev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mutaxassisi Shirinxon Umaraliyevalar yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining amaldagisidan farqi va afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etish joiz so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori mehnat munosabatlari tizimida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Sohaga institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi.
Seminarda Mehnat kodeksi loyihasini ishlab chiqish chog‘ida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi o‘rganilgani, Kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida 1 yil davomida juda chuqur tahlil etilib, maromiga yetkazilgani qayd etildi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan deyarli 3 barobar katta bo‘lib, 600 ga yaqin moddani o‘z ichiga olgan. Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shildi.

Yangi kodeksdagi normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashida, hayotda samarali tatbiq etilishida mehnat bozori ishtirokchilari, ishchi-xodimlar, ish beruvchilar, ish izlovchilar hamda vakolatli tashkilot va idoralar mas’ullariga hujjatdagi moddalarning mazmun-mohiyatini sodda, aniq va to‘g‘ri tushuntirish muhim ahamiyat kasb etadi. Mehnat bozorining kelajakdagi rivoji uchun xizmat qiladigan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

Mazkur kodeks istiqbolda kichik biznes sub’ektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan aholi mehnatini huquqiy tartibga solish imkonini beradi. Rasmiy va norasmiy tarmoqda mavsumiy ish bilan band bo‘lganlarning mehnat huquqlarini tartibga solishdagi bo‘shliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etadi. Mehnat munosabatlarida korrupsiya xavfi kamayib, “Yagona milliy mehnat tizimi” raqamlashtiriladi. Gender tenglik, neytrallik tamoyillari, imkoniyati cheklangan shaxslar, norezidentlarning mehnat qilish huquqi ta’minlanadi. Ish beruvchilarning mehnat bozoridagi yangi mehnat turlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi, mehnat shartnomasi turlari kengaytiriladi va norasmiy tarmoqlarda ishlovchilarni legallashtirishga erishiladi.
Muxtasar aytganda, ushbu hujjat mazkur sohadagi qator muammolarni, mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, qonuniy hal qilishda, ishlagan ishiga, ish beruvchi esa kiritgan sarmoyasiga munosib tarzda e’tibor va rag‘batga ega bo‘lishini kafolatlaydigan muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA.