Yangi mavsumga start berildi
Andijonda “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining joriy yil mavsumi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov, mutasaddi tashkilot rahbarlari, sportchi yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirish, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Jumladan, “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalari mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishi alohida qayd etildi.
2026-yil mavsumi doirasidagi musobaqalar 13–14 yoshli sportchilar o‘rtasida o‘tkaziladi. Musobaqalar 21 ta olimpiya sport turi bo‘yicha jami 205 ta dastur asosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha 11–12 yoshli qizlar o‘rtasida ham bellashuvlar tashkil etilishi belgilangan.
[gallery-28320]
Yosh iqtidorlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida yuksak natijalarga erishadigan sportchilarni saralashga xizmat qiladigan ushbu bellashuvlar “Tuman va shahar hokimi olimpiadasi”, “Hokim olimpiadasi” va “Prezident olimpiadasi” bosqichlarida o‘tkaziladi.
“Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident olimpiadasi” musobaqalari yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda yurtimiz sport salohiyatini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.