Yangi marralar va ustuvor vazifalar (+video)
Kecha davlatimiz rahbari raisligida Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, mavjud iqtisodiy salohiyatdan oqilona foydalanish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish o‘tkazildi. Unda hududni yanada rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.
Qayd etilganidek, viloyat sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lib, bu borada mamlakatning yetakchi hududlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda viloyatda 2 ta yirik neft-gaz kimyo korxonasi samarali faoliyat yuritmoqda, yana bittasi barpo etilmoqda. Bu esa sanoat salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “yashil energetika”ni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qiymati 5,2 milliard dollar bo‘lgan, umumiy quvvati 4,5 gigavattga teng 10 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarining qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bu loyihalar nafaqat energiya ta’minotini yaxshilaydi, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. Jumladan, 2025-yilda hududiy yalpi mahsulot hajmi 7,2 foizga o‘sib, 86,6 trillion so‘mga yetdi. Sanoatda 7,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,3 foiz, xizmatlar sohasida esa 14 foizlik o‘sish qayd etildi. Eng muhimi, ishsizlik darajasi 4,7 foizgacha, kambag‘allik darajasi esa 6 foizgacha pasaygani amalga oshirilayotgan islohotlarning aniq natijasi ekani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda 2026-yil uchun belgilab olingan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar ham atroflicha muhokama qilindi. Unga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,1 trillion so‘mga yetkazib, 9,1 foiz o‘sishga erishish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, sanoat ishlab chiqarishini 9,1 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,9 foizga, xizmatlar sohasini esa 20,1 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Xususan, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 2 foizgacha tushirish, 381,5 ming nafar aholini barqaror daromad manbalari bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Bu maqsadlarga erishish uchun hududlar bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Olot, Peshku, Qorako‘l, Shofirkon, G‘ijduvon va Qorovulbozor tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish bo‘yicha aniq dasturlar amalga oshiriladi.
Prezidentimiz Buxoro viloyatining mavjud iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, hudud salohiyatidan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, har bir tashabbusni puxta o‘ylangan, aniq manzilli va amaliy natija beradigan loyihalarga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida investitsiyalarni jalb etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, turizm salohiyatidan to‘liq foydalanish hamda infratuzilmani yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Mutasaddi rahbarlarga har bir sohada aniq natijadorlikka erishish, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
– O‘ylaymanki, Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan ushbu taqdimot viloyat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotini yanada rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, viloyatdagi barcha darajadagi rahbarlar Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar ijrosini ta’minlashga mas’uliyat bilan yondashib, aniq natijalarga erishishga qat’iy kirishishlari zarur, – deydi Botir Zaripov davlat rahbari belgilab bergan vaziflardan kelib chiqib.
Umuman olganda, belgilangan vazifalar va rejalar Buxoro viloyatining iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash va hududni barqaror taraqqiyot yo‘liga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/l2PMMOBREhQ" title="Yangi marralar va ustuvor vazifalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov (video), O‘zA muxbiri