Yangi loyihalarga yo‘l ochildi
Bugun xalqaro va hududlararo hamkorlikni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish hududlarning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, Xitoy bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish Toshkent viloyati shahar va tumanlari uchun ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Xususan, shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safari bilan bo‘lib turgan Toshkent viloyati delegatsiyasi tarkibidagi tuman va shahar hokimlari ham yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralarni davom ettirmoqda. Jumladan, Olmaliq shahri hokimi Barhayot Meliyev Yuhan shahri hokimi o‘rinbosari Hong Jianliang hamda xitoylik tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Muloqotda Olmaliq shahrining investitsiyaviy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar va mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Tomonlar yangi investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv davomida “STRATEGY HG NAVI CAPITAL PTE.LTD.” kompaniyasi bilan Olmaliq shahrida umumiy qiymati 34,5 million AQSH dollari bo‘lgan investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyiha doirasida metall, shisha, muhandislik plastmassalari hamda sanitariya-texnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish hisobiga plastikdan maishiy jihozlar ishlab chiqarishni tashkil etish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalar belgilandi.

Muzokaralarda Olmaliq va Yuhan shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish masalasi ham muhokama qilindi. Tomonlar investitsiya, savdo-iqtisodiy hamkorlik va boshqa yo‘nalishlardagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishdi.
Erishilgan kelishuvlar Olmaliq shahrining investitsiyaviy salohiyatini yanada oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
A.Musayev,O‘zA