Yangi loyiha: “Murojaatdan – daromadga”
Prezident Xalq qabulxonasining ushbu loyihasi doirasida Xorazm viloyatining Hazorasp, Shovot va Tuproqqal’a, Yangibozor tumanlarida yashovchi 400 nafar ayolning murojaatlari Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda o‘rganilib, ularni ijobiy hal qilish choralari ko‘rildi.
Jumladan, Tuproqqal’a tumanida Prezident Xalq qabulxonasiga qilingan murojaatlar asosida 15 ta mahallada istiqomat qiluvchi 115 nafar xotin-qizga maqsadli ravishda besh yuz million so‘m moliyaviy yordam ajratildi. Shundan 113 nafar ishsiz ayolga zamonaviy tikuv mashinalari berildi. Kooperatsiya asosida yetakchi o‘n nafar tadbirkorga tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratildi. Ehtiyojmand ayollarning ikki nafariga “Go‘zallik saloni” jihozlari olib berildi.
Tuproqqal’a tumanidagi Saidlar mahallasida istiqomat qiluvchi 6 nafar ishsiz xotin-qizga tikuv mashinalari olib berilib, tikuvchilik hunari bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkor Yorqinoy Razzoqovaga biriktirildi. Xususan, shu kunga qadar Shaydo Hudoyberganovaning doimiy daromad manbai bo‘lmagan. Endilikda uning ham bandligi ta’minlandi.
– Tikuv mashinasi berilganidan nafaqat men, balki oila a’zolarim ham birday quvondi, – deydi Shaydo Hudoyberganova. – Shu kungacha Yorqinoy ustozim bilan tikuvchilikning sir-asrorlarini nazariy jihatdan o‘rganib kelayotgan edim. Endilikda o‘zim ham mustaqil ravishda tikuv mashinamda turli kiyimlar tikishni boshlayapman. Ustozimning ko‘rsatmasiga asosan sotuv uchun bir-ikkita mahsulot ham tayyorladim. Daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman.
Tumanning Soyopir mahallasida yashovchi Dilrabo Ismoilova va u bilan birga yana 11 nafar xotin-qizga ajratilgan tikuv mashinalari ularning bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
[gallery-17610]
– Bizga berilgan tikuv mashinalarini ustozimiz Dono Matkarimova boshchiligida bir joyga to‘pladik va tikuvchilik sexi tashkil qildik. Bu yerda tikuvchilikni ham o‘rganyapmiz. Turli trikotaj mahsulotlarini tikib, daromad ham olyapmiz, – deydi Dilrabo Ismoilova.
Tumanning Navbahor mahallasidan 14 nafar, Tuproqqal’a tumanining eng olis hududi hisoblangan Sarimoy mahallasidan 20 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari berilib, jami 34 nafari ish bilan ta’minlandi.
Yangibozor tumanida ham ushbu xayrli tashabbuslar orqali 30 ta mahalladan 113 nafar xotin-qiz doimiy daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ularning 35 nafari migratsiyadan qaytgan, 48 nafari “Ayollar daftari”ga va 14 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. 16 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj. Ular tajribali 31 nafar tadbirkor ayolga biriktirildi.
– Men Prezident Xalq qabulxonasining ushbu tashabbusini qo‘llab quvvatlayman, – deydi mehnat faxriysi Durdona Ramazonova. – Chunki, ishlash qobiliyatiga ega bo‘lgan insonga mablag‘ berilsa, nafsini tiyolmay ushbu mablag‘ni maqsadsiz sarflab yuborishi mumkin. Biroq bu tashabbus ayollarni eng, avvalo, mehnat qilishga va mablag‘ga ega bo‘lishga undaydi.
Yangibozor tumanining Do‘stlik mahallasida yashovchi Qirmizi Massilova ham bandlik masalasida murojaat qilgan. O‘rganishlarda uning oilaviy ahvoli og‘ir ekanligi ma’lum bo‘lgach, tikuvchilikka uquvi borligini inobatga olinib, unga tikuv mashinasi berildi.
– Oilaviy sharoitim tufayli ishsiz uyda o‘tirishga majburman, – deydi Qirmizi Massilova. – Lekin boshqalar kabi mehnat qilgim, o‘z daromadimga, o‘z mablag‘imga ega bo‘lgim keladi. Bugun menda ushbu imkoniyat bor. Endilikda tikuvchilik qilib, orzularimni amalga oshiraman. To‘g‘risini aytsam, endi menda yanada kattaroq maqsadlar, orzular va mas’uliyat paydo bo‘ldi. Prezidentimizga, Xalq qabulxonasi mas’ullariga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
“Murojaatdan – daromadga” loyihasining dastlabki bosqichida bandligi ta’minlanmagan og‘ir sharoitdagi xotin-qizlarning kooperatsiya asosida ishlab daromad topishiga imkoniyat yaratilayotgan bo‘lsa, keyinchalik ular orasidan tadbirkorlikka qobiliyati borlari o‘z oilaviy korxonasini tashkil etishiga ko‘maklashiladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari