Yangi konstitutsiya – baxtli hayot kafolati
Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” xiyobonida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi hamda shu asosda 2023 yil 30 aprel kuni bo‘ladigan referendumga bag‘ishlangan “Yangi Konstitutsiya – xalq dardiga quloq soluvchi davlat asosi” shiori ostidagi “Ayoli ulug‘langan yurt” mavzuida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan uyushtirilgan keng qamrovli tadbir bayram tusini olib, unda viloyatning “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimiz, ikki mingdan ziyod ayollar ishtirok etdi. Targ‘ibot tadbiri davomida faol tadbirkor, davlat mukofoti sohibalari, iste’dodli talaba-qizlar hamda “Oqila ayollar” harakati a’zolari bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish borasida hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulayliklar, imkoniyat va imtiyozlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.

Xususan, yangilanayotgan konstitutsiyada xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini kafolatlovchi huquqiy normalar kiritilayotgani ta’kidlandi.
– Bugun quvonchlarim cheksiz, xalqimiz kayfiyatida ko‘tarinkilik hukmron, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Kosonsoy tumani kengashi mas’ul rahbari Hurmatoy Qudratova. – O‘zimni Yangi O‘zbekistonning baxtiyor ayoli, minnatdor onasi sifatida his etyapman. – Boisi, yangi tahrirdagi konstitutsiya loyihasi bilan tanishish asnosida unda eng avvalo, inson qadri yuqori darajaga ko‘tarilganiga amin bo‘ldim. Ayniqsa, yoshlar, oilalar hamda biz xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari alohida normalar bilan mustahkamlanmoqda.

– Ayol o‘qituvchi, ayol shifokor, ayol hisobchi, ayol tadbirkor. Ayol – eng avvalo munis opa-singil, mo‘’tabar onadir. Shu boisdan ham mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, erkinliklari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yangilanayotgan konstitutsiyamizda ham bu g‘amxo‘rlik alohida bob, modda va normalar bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Runam-teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mahfuza Gyumush. – Kamina bundan uch yil avval To‘raqo‘rg‘onda 50 ish o‘rni bilan tadbirkorlik faoliyatimni boshlagan edim. bugungi kunda kichik biznesga, ayniqsa, ayollar tadbirkorligiga qaratilayotgan e’tibor natijasida tekstil korxonamizda ishchilar soni 300 nafarga yetdi. Tez orada Oqtosh shaharchasida ishga tushadigan navbatdagi ishlab chiqarish loyiham ishga tushgandan so‘ng ish o‘rinlari 700 taga yetadi. Qisqa fursatda amalga oshirilgan ishlarimiz davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilib, menga “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni taqdim qilingani bizga katta motivatsiya bo‘ldi. Targ‘ibot tadbirida taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan sho‘x kuy-qo‘shiqlar hamyurtlarimizga olam-olam quvonch ulashdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA