Yangi kitob. “Matonat manzumasi”
Kitob, ayniqsa, yangi va yaxshi kitob teran tafakkurga chogʻlaydi.
Kitob, ayniqsa, yangi va yaxshi kitob teran tafakkurga chogʻlaydi. “MASHHUR-PRESS” nashriyoti tomonidan chop etilgan Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Matonat manzumasi” nomli kitobidagi ezgu ishlar, yorqin hislar shaʼniga bitilgan satrlar kishi qalbini yuksaklikka undaydi. Joʻshqin hayotga singib, el manfaatiga sadoqat bilan xizmat qilish va oʻzgarishlarga ulush qoʻshishga daʼvat etadi. Shoirning “Oʻzgarishlar davri” sheʼri quyidagi misralar bilan xotimalanadi:
...Dunyo oʻzgaradi. Odam oʻzgarar.
Odam oʻzgaradi. Olam oʻzgarar.
Ezgu ishlar bilan yonsin jon va tan,
Oʻzgarishlar bilan Vatandir Vatan.
“Biz yozmasak kim yozgaydir bu kunlarning “Xamsa”sin” deydi Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid oʻzining “Matonat manzumasi” nomli kitobidan joy olgan bagʻishlovlaridan birida.

Shuningdek, kitobning “Jaholatga qarshi maʼrifat”, “Adabiyot atomdan kuchli” deb nomlangan fasllarida bugungi globallashuv davrida yashayotgan ijodkor qalbi uygʻoq boʻlishi, ayni paytda adabiyot hamisha Prezidentimizning eʼtiborida boʻlib kelayotgani haqidagi yangi sheʼrlar, manzuma va maqolalar jamlangan. Bunday ijod namunalari kitobning qadrini yanada oshiradi.
Maroqli mutolaa hamrohingiz boʻlsin!