Yangi jurnal: “O‘zbekistonda professional ta’lim”
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi muassisligida “O‘zbekistonda professional ta’lim” nomli ilmiy-ommabop, o‘quv-uslubiy va tahliliy jurnal nashrdan chiqa boshladi.
Maqsad: oliy ta’lim tizimi va professional ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish va jamoatchilikka yetkazish.
Jurnalning nishona sonida ustozlar – fan doktorlari va arboblarining bu ezgu ishga xayrxohligi, tabrik va tilaklari, shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan yangilik, erishilayotgan yutuqlar, muammolar hamda og‘riqli nuqtalar yechimi borasida tahliliy maqolalar berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, iqtisod fanlari doktori, professor Abduqodir Toshqulov professional ta’lim tizimidagi keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan ishlarning bir ko‘zgusi sifatida dunyoga kelayotgan “O‘zbekistonda professional ta’lim” jurnali sohada kadrlar tayyorlash tizimining muhim vazifalari ijrosini ta’minlash hamda sohani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga umid bildirgan.
Nishona va dastlabki sonining o‘ziyoq jurnalning istiqbolidan darak berib turibdi. Yangi fikr, g‘oya, tashabbus uchun chin ma’noda erkin – ochiq minbar.
Jaloliddin Rumiyning:
Kimnikim ustozi yo‘q,
hech bir ishin bunyodi yo‘q,
Ma’ni yo‘lida g‘aribdir,
kimnikim ustodi yo‘q...
satrlarining jurnalning birinchi sonining ilk sahifasidan joy olishida yangi jurnal nafaqat soha mutaxassislari – olim, ziyolilar, balki keng jamoatchilik, siz va biz uchun ham degan umid, ishonch, da’vat bor.
A.Narzulloyev, O‘zA