Yangi ixtirolar va innovatsion g‘oyalar maydoni
“O‘zekspomarkaz”da 19-21-may kunlari VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.
“O‘zekspomarkaz”da 19-21-may kunlari VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.Jahon bozorida raqobat kuchayib borayotgan bugungi kunda iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2006-yil 7-avgustdagi “Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2010-yil 15-dekabrdagi “2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi yangi ishlanma va g‘oyalarni hayotga tatbiq etish, iqtisodiyotni izchil yangilash, mahsulotlar turi, hajmi va sifatini oshirish, eksport salohiyatini yanada yuksaltirish imkonini bermoqda.
Mazkur yarmarka samarasida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining mustahkam mexanizmi yaratildi. U ilmiy faoliyat natijalarini amalda qo‘llashni ta’minlaydi. Buning natijasida yangi, zamonaviy va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga erishiladi. Shu bilan birga, aniq korxonalar, tarmoqlar va alohida ishlab chiqaruvchilarning buyurtmalari asosida innovatsiya faoliyati yanada rivojlanadi.
2008-2014-yillar davomida o‘tkazilgan yarmarkalarda yurtimiz olimlari tomonidan yaratilgan 3500 dan ziyod innovatsion g‘oya va ishlanmalar, texnologiyalar namoyish etildi, umumiy qiymati 86,8 milliard so‘mlik 2300 dan ortiq shartnoma imzolandi. Natijada bir trillion so‘mdan ziyod qiymatdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida an’anaviy besh yo‘nalish – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari hamda fan-ta’lim sohalari uchun mo‘ljallangan qariyb besh yuz innovatsion loyiha namoyish etiladi. Ular mamlakatimiz olimlari, mutaxassislari va ixtirochilari tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalardir.
Bu galgi yarmarkada qator yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi. Jumladan, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning e’tibori va sarmoyasini mamlakatimiz ilmiy muassasalari va oliy ta’lim dargohlari tomonidan yaratilgan eng ilg‘or texnologiyalarga jalb etish maqsadida “Yuqori texnologiyalar” (Hi Tech) yo‘nalishi ish yuritadi. Unda hujayra texnologiyalari, farmatsevtika va biotexnologiyalar, nanotexnologiyalar, shuningdek, axborot texnologiyalari tarmoqlarida qator innovatsion ishlanmalar taqdim etiladi.
Yarmarkada sanoat korxonalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun “Energiya va resurs tejovchi texnologiyalar” nomli yana bir yangi yo‘nalish ochiladi. Energiya resurslarini tejash, qayta tiklanadigan energiya manbalari, energiya tejovchi bino va inshootlardan foydalanishning samarali usullari, shuningdek, energetika auditi bo‘yicha ishlanmalar taqdim etiladi.
Bundan tashqari, navbatdagi yarmarkada yosh olim va talabalar bilan bir qatorda «Yoshlarning innovatsion g‘oyalari» respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining ishlanmalari namoyish etiladi. Saralash jarayonida ularning amaliyotga joriy etishga tayyorligi, energiya va material tejamkorligi, mahalliy xomashyodan foydalanilganligi, bozorga yangi mahsulot chiqarish imkoniyati kabi omillarga alohida e’tibor qaratildi.
Bu gal yarmarka doirasida ilk bor Toshkent xalqaro innovatsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston, Germaniya, AQSh, Fransiya, Gretsiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlardan yetakchi olimlar va mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda. Forumda O‘zbekiston iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish, globallashuv jarayonida iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta’minlash, innovatsion iqtisodiyot sohasida kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish kabi dolzarb masalalar muhokama etiladi.