Yangi investitsiyalar taraqqiyot omili
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev kimyo texnologiyalari va tabiiy biomahsulotlar muhandisligi professori Kixyun Kuyen boshchiligidagi PVBLIC Foundation jamg‘armasi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekistonning strategik transformatsiyasini jadallashtirishga qaratilgan istiqbolli tashabbuslar hamda ularni Toshkent viloyatida amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda jami beshta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslarni moliyalashtirish uchun PVBLIC Foundation tomonidan 1,55 milliard dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

E’tiborlisi, mazkur loyihalarning uchtasi Toshkent viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, hududda biotexnologiyalar yo‘nalishida yirik universitet barpo etish uchun 500 million dollar sarmoya kiritish, shuningdek, 350 million dollarlik piyozdan shakar ishlab chiqarish loyihasini ro‘yobga chiqarish nazarda tutilgan. Ushbu tashabbuslar ilmiy salohiyatni mustahkamlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Nurafshon shahrida zamonaviy tibbiyot markazini barpo etish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur loyiha tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va aholi uchun zamonaviy tibbiyot imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman, ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi Toshkent viloyatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, ta’lim va ilm-fan infratuzilmasini rivojlantirish hamda yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, ularni hayotga tatbiq etish shartlari va hamkorlikning keyingi bosqichlariga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.
A.Musayev, O‘zA