Yangi ijtimoiy himoya tizimi
Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning ijtimoiy himoyasini ishonchli ta’minlash va davlat xizmatlarini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoniga aylangan. Ayniqsa, raqamli texnologiyalarni ijtimoiy sohaga keng joriy etish orqali xizmatlarni tezkor, shaffof va inson omilidan xoli tarzda ko‘rsatishga qaratilgan chora-tadbirlar aholi manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Shu ezgu maqsadlar yo‘lida davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi ham mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, 2026-yil 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash va to‘lashning yangi tartibi amaliyotga joriy etilishi mamlakatimiz ijtimoiy himoya tizimidagi eng muhim yangiliklardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Ushbu tizim fuqarolarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, nafaqalarni o‘z vaqtida va adolatli to‘lash hamda ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etishga qaratilgan.
Yangi tartibning mazmun-mohiyatini davlat tashkilotlari va muassasalari mas’ul xodimlariga chuqur tushuntirish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligining Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan keng qamrovli o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Navbatdagi amaliy seminarlar Buxoro shahridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazi, Buxoro pedagogika instituti hamda Buxoro tumani Tibbiyot birlashmasida bo‘lib o‘tdi. Ularda davlat tashkilotlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari, kadrlar xizmati xodimlari, buxgalterlar hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminarlar davomida yangi tartibning huquqiy asoslari, uni joriy etishdan ko‘zlangan maqsadlar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash va moliyalashtirish mexanizmlari, elektron axborot tizimlari orqali amalga oshiriladigan jarayonlar hamda ish beruvchilarning mas’uliyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Mutaxassislar ishtirokchilarga yangi tizimning afzalliklarini hayotiy misollar orqali tushuntirib, amaliyotda uchrashi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlar yuzasidan yechimlar taklif qildi. Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini rasmiylashtirish, nafaqalarni hisoblash, elektron platformalardan samarali foydalanish va amaldagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar bo‘yicha ham batafsil tavsiyalar berildi.
Tadbirning savol-javob qismi ayniqsa qizg‘in kechdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha bevosita mutaxassislarga murojaat qilib, har bir savolga amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida aniq va asosli javoblar oldilar. Bu esa yangi tartibni barcha tashkilotlarda bir xil yondashuv asosida to‘g‘ri qo‘llash va ehtimoliy muammolarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Seminarlarda davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish, xizmatlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash hamda fuqarolar uchun qulay elektron xizmatlarni kengaytirish masalalariga ham alohida urg‘u berildi. Ta’kidlanganidek, raqamli yechimlar orqali nafaqalarni tayinlash jarayoni yanada sodda, tezkor va ishonchli bo‘ladi.
Mutaxassislarning fikricha, 2026-yil 1-iyuldan amal qiladigan yangi tizim fuqarolarning qonuniy huquqlarini yanada mustahkam himoya qilish, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini o‘z vaqtida va shaffof tarzda to‘lash, ish beruvchilar hamda davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri