Yangi bozor ishga tushdi
Farg‘ona shahar markaziy dehqon bozori kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz rahnamoligida yangi savdo majmualari, bozorlar qurish, mavjudlarini kengaytirish, sotuvchi va xaridorlarga qulay shart-sharoit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 26-apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Farg‘ona shahar Markaziy dehqon bozorida zamonaviy shaharsozlik me’yorlari asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borildi. Ochiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari rastalari, go‘sht, issiq non, oziq-ovqat mahsulotlari kabi yopiq pavilyonlar qurilib, sotuvchi va xaridorlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. 1,5 ming tonna hajmdagi sovutgich ishga tushirildi. Avtomashinalar to‘xtash joyi, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari bozor faoliyatini zamonaviy asosda yo‘lga qo‘yish imkonini yaratdi.
– Bozorning Yangi yil bayrami arafasida ishga tushirilishi xalqimiz uchun munosib tuhfa bo‘ldi, – deydi mehnat faxriysi Omonjon Hoshimov. – Bozordagi sharoit va rastalardagi to‘kinlikdan ko‘z quvnaydi. Aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilayotgan bunday ulkan e’tibor uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
Bozorning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.