Yangi bino Zomindagi imkoniyatlarni kengaytiradi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor G‘ayrat Qodirov Zomin tumanida bo‘lib, Duoba mahallasida barpo etilayotgan yangi ichki ishlar bo‘linmasi binosidagi qurilish ishlari bilan tanishdi.
Qurilish maydonida ob’ektning bugungi holati, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish va atrof hududni obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Mas’ullar bajarilayotgan ishlar, keyingi bosqichda amalga oshiriladigan vazifalar xususida axborot berdi.

Yangi binoda xodimlarning samarali xizmat qilishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, fuqarolarni qabul qilish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun qulay imkoniyatlarni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ob’ektning foydalanishga topshirilishi tumanda ichki ishlar organlari faoliyati uchun zarur infratuzilmani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatida nafaqat jinoyatlarni ochish, balki ularning oldini olish, aholi bilan yaqin hamkorlik qilish va jamoat osoyishtaligini ta’minlash muhim vazifalardan sanaladi. Shu nuqtai nazardan, xizmat binolarining zamonaviy va qulay bo‘lishi xodimlar faoliyati samaradorligi bilan bir qatorda, fuqarolar bilan muloqot sifatini ham oshirishga xizmat qiladi.

Shu kuni Zomin tumani ichki ishlar bo‘limida o‘tkazilgan yig‘ilishda esa hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Jamoat tartibi va aholi osoyishtaligini ta’minlash borasidagi vazifalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri