Yalpi majlis: Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda dastlab “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha Kelishuv komissiyasining xulosasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur Konstitutsiyaviy qonunda Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari, boshqaruv tizimi, vakolatlari va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim belgilangan.

Shuningdek, Markaz hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, mazkur Konstitutsiyaviy qonunga va Moliya markazining qarorlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi va sud pretsedentlari amal qilishiga oid qoidalar o‘z aksini topgan.
Bundan tashqari, Markaz ma’muriyati, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudining huquqiy maqomi mustahkamlangan. Shu bilan birga, Markaz hududida soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilishi belgilangan.
Oliy Majlis Senatining joriy yil 13-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Konstitutsiyaviy qonunning ayrim normalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirilib, rad etilgan edi. Xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yilayotgan talablarni qayta ko‘rib chiqish, Toshkent xalqaro tijorat sudining har qanday xalqaro arbitrajga oid ishni, ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rish kabi ayrim vakolatlarini aniqlashtirish lozimligiga e’tibor qaratilib, qonunni takomillashtirish yuzasidan qaror qabul qilingan edi.
Majlisda qayd etilganidek, qonun yuzasidan Senat tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar Kelishuv komissiyasi tomonidan har tomonlama ko‘rib chiqilib, Konstitutsiyaviy qonun normalari yanada takomillashtirildi. Xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudining vakolatlari, sudyalarga qo‘yiladigan talablar, xalqaro arbitraj ishlarini ko‘rish tartibi hamda markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimga oid qoidalar aniqlashtirildi.
Deputatlar Konstitutsiyaviy qonunning takomillashtirilgan tahriri mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy moliyaviy xizmatlar ekotizimini shakllantirishda muhim huquqiy asos bo‘lishini ta’kidladilar.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasining Kelishuv komissiyasi tomonidan takomillashtirilgan tahriri yuzasidan kelishuvga erishildi.
Davlat veterinariya nazorati xalqaro qoidalarga muvofiq takomillashtirilmoqda
“Davlat veterinariya nazorati takomillashtirilishi munosabati bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, aholiga xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi ustidan samarali nazorat tizimini joriy etish, veterinariya sohasiga ilg‘or xalqaro amaliyotlarni tatbiq qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi hududining veterinar osoyishtaligini hamda davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlar xavfsizligini ta’minlashning kafolatli tizimini joriy etish, davlat veterinariya nazoratini yanada takomillashtirish hamda veterinariya sohasidagi qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining qoidalariga muvofiqlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasida “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunga veterinariya sohasidagi asosiy prinsiplarni belgilashga, O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining veterinariya sohasiga oid vakolatlarini aniqlashtirishga, davlat, idoraviy, ishlab chiqarishdagi va xususiy veterinariya xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topmoqda.
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi Muqaddas Ahmedova quyidagicha fikr bildirdi:
— Qonun loyihasini maromiga yetkazishda davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilishga qaratilgan normalarni takomillashtirish, sohaga oid atama va normalarni milliy qonunchilik asosida Jahon savdo tashkilotining qoidalari va normalariga uyg‘unlashtirishga alohida ahamiyat qaratildi. Mazkur hujjatning qabul qilinishi veterinariya, veterinariya-sanitariya xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga, davlat veterinariya xizmatini amalga oshirish va uning ustidan nazorat qilishda ochiqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Sanoat xavfsizligi talablari kuchaytiriladi
Deputatlar sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanganidek, yangi sanoat tarmoqlarining rivojlanishi, yuqori xavf darajasiga ega texnologiyalarning amaliyotga joriy etilishi sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda. O‘tgan davrda sodir bo‘lgan avariyalar va baxtsiz hodisalar tahlili esa xavfsizlik choralarini kuchaytirish, sohada faoliyat yuritayotgan sub’ektlarning mas’uliyatini oshirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan preventiv choralarni kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi qonun hujjatlariga sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish, ushbu sohalardagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga sanoat xavfsizligi talablarini buzganlik badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga, odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan taqdirda, buning uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar kiritilyapti. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda esa atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni buzish uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shu bilan birga, bir qator qonunlarda tegishli sohalardagi organlarning vakolatlari, huquqiy maqomi aniqlashtirilib, o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun loyihasida atom energiyasidan foydalanish, radiatsiya va yadroviy xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq qoidalarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash mezanizmi ham nazarda tutilyapti. Bu esa sohada faoliyat ko‘rsatuvchi sub’ektlarning mas’uliyatini oshirish, ular tomonidan xavfsizlik talablariga rioya etilishini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratini e’tiborga olib, undagi ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi. Shuningdek, loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirildi.
Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etilmoqda
Kun tartibidagi navbatdagi masala — “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi — kommunal xo‘jaligi xodimlarining ko‘p yillik halol va samarali mehnatini e’tirof etish, ularning jamiyatdagi nufuzi va ijtimoiy maqomini oshirish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda sohada yuqori kasbiy madaniyat, mas’uliyat va fidoyilikni rag‘batlantirishdan iborat.

Hujjat bilan “O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim” faxriy unvoni negizida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasi sohadagi xodimlarning kasbiy faoliyatini munosib qo‘llab-quvvatlash, yosh va malakali kadrlarni sohaga jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kommunal xo‘jaligi tizimida xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda
Bir guruh deputatlarning qonunchilik tashabbusi bilan kiritilgan — “Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining 111-sonli Konvensiyasi normalarini milliy qonunchilikka izchil joriy etishga qaratilgan. Unga ko‘ra, Mehnat kodeksida mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish belgilari qatori “terisining rangi” va “siyosiy qarashlar” tushunchalari bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, mehnat munosabatlarida inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash, ish joylarida shahvoniy shilqimlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Mehnat kodeksini mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘ymaslikka oid yangi norma bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Taklif etilayotgan ushbu norma deputatlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlik sodir etilganda ko‘riladigan javobgarlik choralari qanday tartibda amalga oshirilishi yuzasidan izoh so‘raldi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, deputatlarning taklif va tavsiyalari asosida qonun loyihasiga mas’ul qo‘mita tomonidan ushbu norma takomillashtiriladigan bo‘ldi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Nurillo Nasriyev,
O‘zA