Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Milliy suverenitet va davlat mustaqilligi har qaysi mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyotining eng asosiy sharti va garovidir. Bu hal qiluvchi omillar davlatning xalqaro huquq sub’ekti sifatida dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi, xalqning tinch va farovon hayotini ta’minlash, uning barcha manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan davr mobaynida mamlakat siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Bu jarayonlar nafaqat davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, balki jamiyatda yangi tafakkur va yangicha dunyoqarashni shakllantirishga ham xizmat qildi.
Shu ma’noda, Mustaqillik kuni mamlakat tarixida muhim sanalardan biri sifatida nishonlanadi. Ayniqsa, 35 yillik yubiley bosib o‘tilgan yo‘lni sarhisob qilish, kelajak rivojlanish strategiyalarini belgilash nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi ushbu sananing yuksak darajada nishonlanishini ta’minlashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi.
Mazkur qaror asosida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya ilgari surilib, u jamiyatni birlashtiruvchi, fuqarolarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlovchi asos sifatida belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-avgustga qadar “Mustaqillik zafarnomasi” nomli maxsus kitob-albom tayyorlanishi rejalashtirilgan. Ushbu nashrda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning amaliy natijalari hamda turli sohalarda erishilgan yutuqlar tizimli ravishda aks ettiriladi. Bu esa nafaqat xalqimiz, balki xalqaro jamoatchilik uchun ham mamlakatimizning rivojlanish modelini namoyish etuvchi muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, 2026-yil aprel oyidan boshlab ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqilik35, #Uzb xeshteglari ostida keng qamrovli targ‘ibot kompaniyalari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Axborot makonida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi. Xususan, “35 yillik Istiqlol yilnomasi” rukni ostida hujjatli filmlar va ko‘rsatuvlar tayyorlanib, ular orqali mustaqillik yillarida bosib o‘tilgan yo‘llar, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va erishilgan yutuqlar yoritiladi.
Qolaversa, 2026-yil avgust–sentabr oylarida xorijdagi vatandoshlar hamda o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil O‘zbekistonim – g‘ururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Qabul qilingan qaror mustaqillikning 35 yilligini nafaqat tantanali ravishda nishonlash, balki uni mazmunan boy, g‘oyaviy jihatdan chuqur va keng qamrovli tadbirlar orqali o‘tkazishni nazarda tutadi. Ushbu jarayonlar jamiyatda birdamlik, vatanparvarlik va kelajakka ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA