Toza havo uchun bir kun avtomobilsiz
Avtomobillardan chiqadigan zararli gazlar shahar havosi ifloslanishining muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Hech bo‘lmaganda bir kun shaxsiy transport o‘rniga jamoat transporti, velosiped yoki piyoda yurishni tanlash chiqindilarni kamaytirish, shovqinni pasaytirish va shahar muhitini yaxshilashga xizmat qilishi mumkin.
Albatta, bir kun avtomobilsiz yurish barcha ekologik muammolarni hal qilmaydi. Ammo bu odat insonlarni kundalik tanloviga aylanar, tabiatga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida o‘ylashga undar.
Ma’lumki, har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib borilishi belgilangan. Ushbu aksiya doirasida vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ta’lim muassasalari hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
Ertaga navbatdagi “Avtomobilsiz kun”. Shaharda avtomobildan foydalanmasdan harakatlanish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash atrof-muhitni asrash va havo ifloslanishini kamaytirishga qo‘shilgan hissadir. Toza havo — umumiy boyligimiz. Uni asrash har birimizning kundalik harakatimizdan boshlanadi. Sizning bir kun avtomobilsiz yurishingiz esa toza havo sari kichik qadamingizdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA