Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatida qonunchilik talablariga rioya etish masalalari o‘rganildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida hududlarda faoliyat yuritayotgan xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini jamoatchilik nazorati tartibida o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida respublika bo‘ylab jami 6 ming 741 ta xususiy tibbiyot muassasasining faoliyati manzilli tahlil qilindi. Tahlillar natijasida ayrim muassasalarda amaldagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarga to‘liq rioya etilmayotgan holatlar aniqlandi.
Xususan, tibbiy xizmatlar to‘g‘risida iste’molchilarga ochiq va shaffof axborot taqdim etish, xizmatlar narxlarini belgilash hamda narxnomalarni e’lon qilish masalalarida qator kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Ayrim hollarda tibbiy xizmatlar narxlarini shakllantirishda iqtisodiy asoslanganlik, ochiqlik va adolat tamoyillariga to‘liq amal qilinmayotgani kuzatildi. Bu esa iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu munosabat bilan Federatsiya xususiy tibbiyot muassasalari rahbarlarini tibbiy xizmatlar uchun narxlarni belgilashda insof, adolat va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga qat’iy rioya etishga, xizmatlar narxlarini iqtisodiy jihatdan asoslangan, shaffof va iste’molchi uchun tushunarli shaklda belgilashga chaqirdi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq ravishda narxnomalarni barcha iste’molchilar uchun ochiq joylarda joylashtirish, aholining turli qatlamlari, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar manfaatlarini inobatga olgan holda faoliyat yuritish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga qat’iy rioya etish lozimligi eslatib o‘tildi.
Federatsiya tibbiy xizmatlar bozorida sog‘lom raqobat, qonuniylik va fuqarolar huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash maqsadida xususiy tibbiyot muassasalari bilan konstruktiv hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi.
O‘rganishlar natijasida bildirilgan tavsiya va murojaatlar xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan inobatga olinib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishiga umid bildirildi.
O‘zA