Xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishi, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidaligi, mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi belgilangan.
Shu o‘rinda, mulk o‘zi nima?-degan savolga javob berib ketsak.
Mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir, ya’ni mulk egasi o‘ziga tegishli bo‘lgan mulkdan abadiy foydalanishi, o‘zining mulk huquqini xohlagan vaqtda tasarruf etishi mumkin. Hech kim mulkdorga o‘z mulkini egallab turishi, undan foydalanish va tasarruf etish uchun muddat belgilash huquqiga ega emas.
Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, davlat organining mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunlarda belgilangan hollar va tartibdagina yo‘l qo‘yilishi, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng mol-mulk berilishi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanishi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanishi belgilangan bo‘lsada, keyingi vaqtlarda mansabdor shaxslar tomonidan g‘ayriqonuniy qarorlar, shu jumladan qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjat chiqarilishi natijasida, fuqarolar yoki yuridik shaxslarning mulkiy huquqlari buzilganligi holatlarini ko‘plab uchratish mumkin.

Albatta qonun hujjatlariga ko‘ra, davlat buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishini va uning sud orqali himoya qilinishini kafolatlaydi. Mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni uni yetkazgan shaxs tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq to‘la hajmda qoplanishi kerak.
So‘nggi vaqtlarda sudlar tomonidan mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rnini uni yetkazgan shaxs tomonidan qoplab berish orqali, buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishini borasida ko‘plab sud qarorlari chiqarilishi orqali, mulkdorlarning huquqlari tiklanib kelinmoqda.
Bu esa o‘z navbatida, xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini yanada kuchaytirish davr taqozosi ekanligini ko‘rsatmoqda.
Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida, mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash, xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, mulkiy, shu jumladan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni so‘zsiz ta’minlash, xususiy mulk ustuvorligini asosiy tamoyil sifatida belgilash, shu jumladan davlat idorasining rasmiy ma’lumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqini himoya qilish tizimini joriy etish orqali mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish borasida asosiy maqsad va vazifalari belgilab berildi.
Ushbu islohotlar O‘zbekiston Respublikasida xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish borasida mustahkam huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi S.X.Raximov