Xovosda yo‘llar zamonaviy qiyofa kasb etmoqda
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yo‘llarni ta’mirlash va zamonaviy standartlarga moslashtirish ishlari izchil amalga oshirilib, harakat xavfsizligi sezilarli darajada oshdi.
2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida olib borilgan bunyodkorlik ishlari mahalliy aholi hamda tranzit yo‘nalishlarda harakatlanuvchi haydovchilar uchun qulayliklar yaratdi. Bu haqda tuman hokimligi va tuman Yo‘l xo‘jaligi pudrat ta’mirlash foydalanish korxonasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

– Mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarning 126 kilometriga 86 ta yangi yo‘l belgilari o‘rnatildi, 58 kilometrda yo‘l chiziqlari yangilandi, 12 ta piyodalar o‘tish joyi belgilab chiqildi, – deydi korxona direktori Siyovush Avazov. – Ayniqsa, ta’lim muassasalari atrofida piyodalar xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro ahamiyatga ega yo‘llarda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, A-376 “Qo‘qon–Jizzax” yo‘lining 40 kilometrlik qismida 14 ta yangi yo‘l belgilari o‘rnatildi, 23 kilometrda yo‘l chiziqlari yangilandi va 2 ta shovqin chiqaruvchi chiziq joylashtirildi. M-34 “Toshkent–Dushanbe” yo‘lida esa 33 ta yangi yo‘l belgilari, 5 kilometrda yo‘l chiziqlari va yana 2 ta shovqin chiqaruvchi chiziqlar tortildi. Ushbu yo‘nalishlarda mavjud nuqsonlarni bartaraf etish uchun 600 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Shahar va qishloq ko‘chalarida ham yo‘l infratuzilmasi yangilanmoqda. Xususan, Yangiyer shahrida 4,3 kilometr, Xovos tumanida esa 16,6 kilometr ko‘cha asfalt-beton bilan qoplandi. Bu ishlar haydovchilar va piyodalar uchun harakatning yanada qulay va xavfsiz bo‘lishini ta’minladi.

Matbuot anjumanida yo‘l qurilishi va ulardan samarali foydalanish masalalari ham keng muhokama qilindi. Savol-javob shaklida o‘tgan tadbirda mutasaddi idoralar vakillari hamda hokimlik mas’ullari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri