Xovosda yangi 20 million dollarlik loyiha
Xovos tumanida investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, sanoat salohiyatini kengaytirish hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda Xovos tumani hokimi Qomus Yuldashev Xitoy Xalq Respublikasining “Huaxi Building Materials Chengdu Co., Ltd” hamda “Hangzhou Lian Innovative Materials Technology Co., Ltd.” kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Dastlab investorlar tumandagi mavjud infratuzilma, ishlab chiqarish salohiyati, logistika imkoniyatlari hamda investitsiya kiritish uchun yaratilgan qulay muhit bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan istiqbolli loyihalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Ushbu loyiha tuman sanoat tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqish, mahalliy bozorni sifatli va raqobatbardosh qurilish materiallari bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eng muhimi, loyihaning amalga oshirilishi natijasida hududga 20 million AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiya jalb etilishi hamda 200 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va tuman iqtisodiyoti barqarorligini mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi.
Uchrashuv so‘ngida tuman hokimi Q. Yuldashev bunday yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi Xovos tumanida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda eksportbop mahsulotlar hajmini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri