Xovosda 40 mingdan ortiq ko‘chat ekildi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ko‘chat ekish tadbirlari tashkil etilmoqda. Bu tadbirlarda Sirdaryo viloyati aholisi ham faol ishtirok etmoqda.
Bugun Toshkent viloyatida davlat rahbari ishtirokida videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan tadbirga Xovos tumani mas’ullari ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, ko‘chat ekish va bog‘dorchilikni rivojlantirishga oid topshiriqlardan xabardor bo‘lishdi. Prezident o‘z kirish so‘zida barqaror bog‘dorchilikni rivojlantirish va aholi farovonligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdi.

Xovos tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, tuman hokimligi hamda keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilgan amaliyot va seminarlarda tajribali bog‘bonlar va mutaxassislar ko‘chat ekishning ilmiy asoslari, tuproq hosildorligini oshirish, samarali suv havzasi va bog‘dorchilik texnologiyalari bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Tadbir davomida tumanning 11 ta mahallasida 40 mingdan ortiq 9 turdagi (olma, anjir, yong‘oq, behi, olxo‘ri, nok, gilos, shaftoli, o‘rik) sifatli meva ko‘chatlari “Har bir xonadon – o‘z bog‘iga ega” tamoyili asosida aholiga tarqatildi va ekish ishlari amalga oshirildi.


Ushbu tashabbus nafaqat hududning ekologik holatini yaxshilash, balki aholi bandligi va daromadini oshirish, shuningdek, mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga ham xizmat qiladi. Loyiha viloyatlar, xususan, Sirdaryoda ham barqaror bog‘dorchilikni rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA