Xotira turniri o‘tkazildi
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan tizim xodimlari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha xotira turniri tashkil etildi. Musobaqa boshqarma boshlig‘i kubogi uchun o‘tkazildi.
Tadbir avvalida tizimda uzoq yillar faoliyat yuritib, sohaning rivojiga munosib hissa qo‘shgan marhum xodimlar xotirasi yodga olindi. Ular haqiga Qur’on tilovat qilinib, ezgu ishlari hurmat va ehtirom bilan esga olindi.


Shundan so‘ng musobaqaga start berildi. Unda boshqarma, tuman va shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda boshqarma tasarrufidagi muassasalar xodimlaridan tashkil topgan jamoalar ishtirok etdi. Bellashuvlar sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va do‘stona ruhda o‘tdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, boshqarma tasarrufidagi muassasalar terma jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Boyovut tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi jamoasi 2-o‘ringa, Mirzaobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi jamoasi esa 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, o‘yin davomida alohida faollik ko‘rsatgan ishtirokchilar “Eng yaxshi to‘p urar”, “Eng yaxshi himoyachi” va “Eng yaxshi darvozabon” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri