Xotira – abadiy, jasorat unutilmaydi
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Samarqand viloyatida ham Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 81 yilligi keng nishonlanmoqda.
Bugun viloyat hokimi A.Boboyev boshchiligida faollar, jamoatchilik vakillari, harbiylar va turli sohalar xodimlari, nuroniylar va yoshlar Samarqand shahridagi Xotira maydonida Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘ydi.
Insoniyat uchun cheksiz azob-uqubatlar keltirgan Ikkinchi jahon urushida 152 mingdan ortiq samarqandliklar ishtirok etgan. Afsuski, ularning 73 ming nafariga ona yurtiga qaytib kelish nasib etmagan. Xotira maydonidagi lavhalarda bu fidoyi insonlar nomi bitilgan.
Marosim qatnashchilari yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishta hayoti uchun jonini fido qilgan insonlarni xotirlab, ularning jasoratini yodga oldi.
– Xotira va qadrlash kuni osuda hayotning qadr-qimmatini anglash, o‘tganlarni yod etib, hayot bo‘lgan faxriylarimizga ehtirom ko‘rsatish ayyomidir, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Shuhrat Negmatov. – Ayni paytda viloyatimizda Ikkinchi jahon urushining mashaqqatli yillarini o‘z boshidan kechirgan, matonat maktabini o‘tagan 31 nafar 100 yosh va undan oshgan tabarruk keksalarimiz istiqomat qilmoqda. Jumladan, ular orasida 102 yoshli urush qatnashchisi Ahad bobo Ochilov ham bor. Ayni kunlarda otaxonning uyiga hokimlik va turli jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilari borib Ahad boboni bayram bilan tabriklamoqda, u kishining hayot yo‘li bilan tanishib, o‘tmish haqidagi xotiralarini tinglayapti. Shuningdek, 165 nafar front orti faxriylari ham davlatimiz va xalqimizning e’zozida hayot kechirmoqda, ularga zarur tibbiy, ijtimoiy yordam ko‘rsatilyapti.
Xotira va qadrlash kuni tadbirlari doirasida viloyat hokimi A.Boboyev Samarqand tumani Saxovat mahallasidagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ahad Ochilov xonadonida bo‘ldi.
Viloyat rahbari Ahad boboga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi va 30 million so‘m pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Suhbat chog‘ida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash borasida olib borilayotgan ishlar, keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yoshlarning davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tirof etildi. Ahad bobo Prezidentimizning doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lib yashayotganini ta’kidlab, buning uchun minnatdorlik bildirdi.
– Urushning nomi o‘chsin, uning har bir daqiqasi dahshat edi, – dedi Ahad Ochilov. – Bugungi tinch va osuda kunlar uchun qayta-qayta shukrona aytishimiz, bu kunlarning qadriga yetishimiz kerak. Yoshlarga doim shuni uqtiraman. Yaratganga shukr, tinch-osoyishta, juda to‘qchilik zamonda yashayapmiz. Biz ko‘rgan og‘ir kunlarni bugungi va kelgusi avlodlar ko‘rmasin, ilohim. Davlatimiz nuroniylarga katta e’tibor qaratmoqda. Prezidentimiz biz kabi urush qatnashchilarini doim e’zozlab kelmoqda. Har yili mukofotlar berilyapti, tadbirlarga taklif etishadi. O‘tgan yil poytaxtda Prezidentimiz bilan uchrashdik. U kishini duo qildik, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishi, O‘zbekistonimiz yanada gullab-yashnashini tiladik.
[gallery-29304]
Viloyat hokimi, shuningdek, front orti mehnat faxriylari – Samarqand shahridagi Panjob mahallasida yashovchi Tufo aya Ibragimova hamda Besh chinor mahallasida Mahbuba aya Rustamova xonadonida ham bo‘lib, ularni bayram bilan tabrikladi hamda zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi. Viloyat hokimligining mukofot va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Onaxonlar davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom, g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham yoshlarga boy hayotiy tajribalarini o‘rgatishlarini ta’kidladi.
Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligi tadbirlari tuman va shaharlarda davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari